O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasidan saylov sohasida yoshlar siyosati bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari yoshlarni saylov jarayonlariga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etdi

16.12.2025

127

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahat kengashi huzurida faoliyat yuritayotgan saylov sohasida yoshlar siyosati bo‘yicha Ishchi guruh doirasida faol ishtirok etib kelmoqda.

 

 

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasidan saylov sohasida yoshlar siyosati bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari – Kotibiyat xodimlari S. Abdixoliqov va S. Olimjonovlar yoshlarni saylov jarayonlariga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi tadbirda ishtirok etdilar.

 

Xususan, S.Abdixoliqov va S.Olimjonov joriy yilning 16-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida aralash formatda bo‘lib o‘tgan “Sun’iy intellekt va saylovlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada hakamlar hay’ati a’zosi sifatida qatnashib, talabalar, ekspertlar hamda yoshlar masalalari bo‘yicha saylov tashabbuslari vakillarining chiqishlarini baholadilar. O‘tkazilgan debatlar davomida ilg‘or texnologiyalar va ularning saylov jarayonida qo‘llanilishi masalalari muhokama qilindi, shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan ekspertlar o‘rtasida tajriba almashildi.

Konferensiya davomida saylovlarning shaffofligi va samaradorligini oshirish, shuningdek, yoshlarni saylov jarayonlariga keng jalb etish maqsadida sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar texnologiyalarning rivojlanish istiqbollari va ularning demokratik institutlarga ta’siri haqida fikr almashdilar.

 

Bunday tadbirlar MDHga a’zo davlatlarning saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda saylovlarni o‘tkazishda ilg‘or uslub va yondashuvlarni joriy etishda muhim qadam hisoblanadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur