12.09.2025

253

msk_yangiliklari_in

YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegatsiyasi 2024-yilda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarini kuzatish natijalari bo‘yicha Yakuniy hisobot taqdimotini o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

 

2025-yilning 10-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev YXHT DIIHB Saylovlar bo‘yicha departament rahbarining o‘rinbosari U. Axundlu va departament maslahatchisi K. Inaishvili bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

     

 

Uchrashuv davomida Z. Nizamxodjayev Markaziy saylov komissiyasi va DIIHB o‘rtasidagi hamkorlikning faol rivojlanayotganini ta’kidlab, Yakuniy hisobotni o‘rganish va undagi tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan tegishli davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikdagi faoliyatning batafsil tahlilini taqdim etdi.

   

Saylovlar bo‘yicha departament rahbarining o‘rinbosari O‘zbekiston bilan hamkorlik darajasini yuksak baholab, saylov jarayonlari va saylovlar bo‘yicha Yakuniy hisobotlarni ochiq muhokama qilish amaliyotiga o‘z e’tiborini qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bu amaliyot barcha mamlakatlarda ham kuzatilmaydi. Shuningdek, u O‘zbekistonda mazkur amaliyotni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilgan aniq siyosiy iroda mavjudligiga ham alohida urg‘u berdi.

 

U. Axundlu MSKning yakuniy hujjatni har tomonlama tahlil qilishdagi ishlarning ahamiyatini qayd etar ekan, DIIHBning Yakuniy hisobotida aks etgan tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini ijobiy baholab, uni qonunchilik va saylov amaliyotini takomillashtirish yuzasidan keyingi ishlar uchun asos bo‘ladigan a’lo darajada tayyorlangan hujjat deb atadi.

Shuningdek, U. Axundlu DIIHBning Yakuniy hisobotda keltirilgan tavsiyalarni amalga oshirish jarayonida ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan aniq takliflarni ham taqdim etdi. Ular qatorida huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarga DIIHB xulosalarini taqdim etish, ilg‘or xalqaro tajribalarni qiyosiy tahlil qilish uchun malakali ekspertlar va mutaxassislarni jalb etish, xorijiy mamlakatlarning saylov amaliyotlariga oid tayyor ishlanmalar va materiallarni taqdim etish, shuningdek, saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitishni tashkil etishda ko‘maklashish kabi choralar tilga olindi.

 

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda DIIHB tavsiyalarini implementatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan faoliyat demokratik institutlarni mustahkamlashga va saylovlarni tashkil etish sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur