MSK Raisi Qozog‘iston Qurultoyiga saylovlarni kuzatishda ishtirok etdi

25.08.2026

84

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga rahbarlik qilgan holda 2026-yil 23-avgust kuni bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston Respublikasi Qurultoyi deputatlari saylovlari xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi.

 

Qurultoyga bo‘lib o‘tgan saylovlar 2026 yilgi konstitutsiyaviy referendum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Qozog‘iston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasiga muvofiq tashkil etilgan mamlakatning yangi oliy vakillik va qonun chiqaruvchi organiga o‘tkazilgan ilk parlament saylovlari bo‘ldi.

 

Xalqaro kuzatuv doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi MDH Ijroiya qo‘mitasining saylovlarni kuzatish missiyasi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilar guruhi, shuningdek, ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik doirasida ishtirok etdi.

 

Xalqaro kuzatuv dasturi qator muhim tadbirlarni o‘z ichiga oldi.

 

Ovoz berish kuni arafasida Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasida xalqaro kuzatuvchilar uchun saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda 42 ta xorijiy davlat va 13 ta xalqaro tashkilot vakillaridan iborat 777 nafar xalqaro kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi ma’lum qilindi. Saylovchilarning umumiy soni 12,6 mln nafardan ortiqni tashkil etib, ovoz berishni o‘tkazish uchun 10 mingdan ziyod saylov uchastkalari, jumladan, 61 ta xorijiy davlatda 79 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.

 

   

 

Brifing davomida saylov kampaniyasining asosiy xususiyatlari haqida ham ma’lumot berildi. Qurultoydagi deputatlik o‘rinlari soni 145 tani, partiya ro‘yxatlariga kiritilgan nomzodlar soni esa 545 nafarni tashkil etdi. Partiya ro‘yxatlarida xotin-qizlar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning munosib vakilligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

 

Shu kunning o‘zidayoq Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar markaziy saylov organlarining Maslahat platformasi ishchi yig‘ilishida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyalari rahbarlari hamda vakillari ishtirokida “Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarning saylov tizimlari” nomli materiallar to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev ta’kidlaganidek: “Mazkur to‘plam saylov tizimlarini takomillashtirish va davlatlar o‘rtasidagi professional tajriba almashinuvini chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Nashrda saylov institutlari faoliyatining keng ko‘lamli masalalari – konseptual qonunchilik asoslaridan tortib, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishgacha bo‘lgan jarayonlar batafsil tadqiq etilgan. Saylov huquqi va saylov jarayoni sohasidagi yetakchi ekspertlarning umumiy sa’y-harakatlari natijasi bo‘lgan mazkur to‘plam alohida ilmiy-amaliy ahamiyatga egadir”.

 

 

Saylov kampaniyalari davrida dipfeyklarga qarshi kurashishning dolzarb jihatlari muhokamasida Z. Nizamxodjayev qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ushbu tashabbuslar saylov jarayonidagi soxtalashtirishlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ularni Turkiy Davlatlar Tashkiloti makonida ko‘rib chiqish va amaliyotga joriy etish taklif etildi.

 

O‘zbekiston MSK delegatsiyasining Qozog‘iston MSK Raisi N. Abdirov bilan uchrashuvida saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari yuzasidan fikr almashildi, shuningdek, ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

 

 

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Ostona shahridagi Xalqaro sun’iy intellekt markaziga tashrif buyurdi.

 

 

Saylov kuni – 23-avgustda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari saylov uchastkalarining ochilishidan boshlab, kun davomida ovoz berish jarayoni hamda uchastkalarning yopilishiga qadar bo‘lgan barcha bosqichlarda ovoz berish jarayonini kuzatdilar. Jami 110 ta saylov uchastkasiga tashrif buyurildi.

 

 

 

 

 

Delegatsiya a’zolari saylov komissiyalari ishini tashkil etish, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar hamda ovoz berish jarayonini bevosita kuzatdilar. Belgilangan tartib-taomillarga rioya qilinishi, saylov uchastkalarining hamma uchun qulayligi ta’minlanishi va fuqarolarning erkin xohish-irodasini bildirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga alohida e’tibor qaratildi.

 

   

 

   

 

24-avgust kuni O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Qozog‘iston MSKning saylovlarning dastlabki yakunlariga bag‘ishlangan brifingida, shuningdek, Qurultoy saylovlarini kuzatish bo‘yicha xalqaro missiyalarning saylov jarayonini kuzatish yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanlarida ishtirok etdilar.

 

 

Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan saylovlar bo‘yicha xalqaro kuzatuv dasturida O‘zbekiston delegatsiyasi MSK a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi MSK hamda Buxoro va Navoiy viloyatlari hududiy saylov komissiyalari a’zolari, MSK Kotibiyati xodimlari, shuningdek, mamlakat parlamenti a’zolaridan iborat tarkibda ishtirok etdi.

 

Delegatsiya a’zolari Ostona, Olmaota va Chimkent shaharlarida, shuningdek, Sariog‘och shahri (Turkiston viloyati) va Qostanay shahrida (Qostanay viloyati) saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordilar.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur