Markaziy saylov komissiyasi vakillari xalqaro forumda ishtirok etdilar

20.02.2026

175

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 18-20-fevral kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan “Saylov va referendum institutiga ishonchni shakllantirish: xalqaro kuzatuvning roli” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasidagi tadbirlar dasturida onlayn formatda ishtirok etdi.

 

Konferensiya tadbirlari MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi hamda MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahatlashuv kengashi tomonidan tashkil etilgan. Tadbir MDH Parlamentlararo Assambleyasiga a’zo davlatlarda Demokratiya rivoji, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish bo‘yicha xalqaro institut tashkil topganligining 20-yilligiga bag‘ishlandi.

 

MDH mamlakatlari parlament a’zolari, davlat hokimiyati va saylovlarni boshqarish organlari vakillari, xalqaro va jamoat tashkilotlari, shuningdek olimlar va ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatlarida saylov jarayonining dolzarb masalalari yuzasidan tahliliy muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, sun’iy intellekt va uning saylov jarayonida qo‘llanilishi, saylov va referendumlar ustidan xalqaro kuzatuv doirasida saylovchilar erkinligini himoya qilishni ta’minlash, shuningdek kuzatuvning mukammal modellarini izlash bilan bog‘liq mavzular ko‘rib chiqildi.

 

 

 

MSK raisi Z. Nizamxodjayev xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi majlisida so‘zga chiqib, O‘zbekiston tomonidan demokratik saylovlarni o‘tkazish sohasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va me’yorlariga qat’iy rioya etilishiga, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Ta’kidlanganidek, saylov tizimini takomillashtirish doirasida davlat fuqarolar va saylov ishtirokchilarining konstitutsiyaviy saylov huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilishga intilmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston milliy saylovlar va referendumlar o‘tkazilishi ustidan xalqaro kuzatuv uchun ochiqdir.

 

 

Milliy saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar ishtirokining o‘sish dinamikasi haqida to‘xtalar ekan, Z. Nizamxodjayev mazkur jarayon O‘zbekistonda saylovlar tub o‘zgarishlar va demokratik islohotlar sharoitida o‘tkazilayotgani bilan izohlanishini qayd etdi. Natijada yangi siyosiy muhit shakllanmoqda, bu esa mazkur o‘zgarishlarga xalqaro hamjamiyat e’tiborining tobora ortishiga sabab bo‘lmoqda.

 

   

 

 

“Sun’iy intellekt va uning saylov jarayonida qo‘llanilishi: kompleks yondashuv va qonunchilik bilan tartibga solish” mavzusidagi davra suhbatida MSK a’zosi G. Raximova saylov jarayonida sun’iy intellektdan foydalanishning saylov tashkilotchilari uchun birlamchi ahamiyat kasb etayotgan uning zamonaviy jihatlariga, xususan, raqamli makonni tartibga solish masalalariga to‘xtaldi.

 

G. Raximova saylov kampaniyalari doirasida saylov tashkilotchilari oldida turgan asosiy vazifalar haqida gapirib, 2024-yilda O‘zbekistonda davlat hokimiyatining vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylovlar davrida sun’iy intellektni qo‘llash bilan bog‘liq ishlar natijalari asosida axborot manipulyatsiyalariga qarshi samarali usullarni ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, elektoratni dezinformatsiyadan himoya qilishni ta’minlash borasidagi tajriba bilan o‘rtoqlashdi.

 

   

 

Konferensiya doirasida bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining yettinchi majlisida o‘tkazilgan elektoral muhokamalar davomida O‘zbekiston MSK raisi Z. Nizamxodjayev majlis ishtirokchilariga yangilangan saylov tizimi asosida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilgan saylovlar sharhini taqdim etdi.

 

Z. Nizamxodjayev milliy saylov tizimidagi o‘zgarishlarning ahamiyatiga to‘xtalib, eng avvalo boshqaruvni markazlashganligini  alohida ta’kidladi. MSK vakolatlarining kengaytirilishi barcha darajalarda saylov jarayonini yanada samarali muvofiqlashtirish, yagona standart va tartib-taomillarni ta’minlash imkonini berdi. Shuningdek, o‘zgarishlarga tezkor munosabat bildirish sharoiti qayd etildi, ya’ni bo‘shab qolgan deputatlar o‘rniga qo‘shimcha saylovlarni tezkor o‘tkazish imkoniyatining yaratilgani mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining uzluksizligini ta’minlashga xizmat qilib kelmoqda.

 

Milliy saylov tizimidagi o‘zgarishlarning ahamiyati haqida fikr bildirar ekan, MSKning mas’uliyati oshganini alohida qayd etib, Z. Nizamxodjayev quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi: “Saylovlarni tashkil etishda MSK rolining kuchaytirilishi saylov jarayonining barcha ishtirokchilari mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Albatta, bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning o‘z saylov tizimini modernizatsiya qilish, uning samaradorligi va shaffofligini yanada oshirishga intilishini aks ettiradi”.

 

 

 

Majlis ishida Maslahatlashuv kengashi a’zolari — MDH davlatlari Markaziy saylov komissiyalari rahbarlari va vakillari, shuningdek maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etgan Maslahatlashuv kengashi a’zolari — MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Bosh kotibi D. Kobitskiy hamda MDH Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari I. Petrishenkolar, shuningdek xorijiy davlatlar saylov organlari vakillari ham qatnashdilar.

 

Shuningdek, Maslahatlashuv kengash huzuridagi saylov sohasida yoshlar siyosati bo‘yicha Ishchi guruhning “MDHga a’zo davlatlar yoshlarining saylov va referendum institutiga ishonchini shakllantirish omili sifatida elektorat madaniyatni rivojlantirishdagi roli” mavzusida navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. MSK Kotibiyati bosh maslahatchisi S. Olimjonov 2024 yilgi saylov kampaniyasi misolida yoshlarni saylov jarayonlariga jalb etishning amaliy mexanizmlari bilan ishtirokchilarni tanishtirib o‘tdi. Yoshlar shtablari, saylov uchastkalariga ekskursiyalar, birinchi bor ovoz berayotgan saylovchilar uchun tantanali marosimlar kabi tashabbuslar alohida qayd etildi.

 

   

 

 

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur