Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Konstitutsiyaviy islohotlar va konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish va Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlar assotsiatsiyasi raisligini Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga topshirish tadbirlari doirasida Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Tashrif dasturi doirasida, bugun, 10-noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti N. Mektrairat boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev delegatsiya vakillarini qutlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, jumladan, saylov tizimini takomillashtirish va fuqarolarning siyosiy huquqlarini kafolatlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda saylov jarayonlarini shaffof, ochiq va adolatli o‘tkazishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Z. Nizamxodjayev mamlakatimizda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning ahamiyati, ularning saylov tizimi va davlat boshqaruvi organlari faoliyatiga ijobiy ta’siri haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida, Tailand Qirolligi Konstitutsiyaviy sudi Prezidenti N. Mektrairat O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, demokratik institutlarni mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi. U konstitutsiyaviy sudlar va saylov organlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini, chunki ularni bir maqsad – saylov jarayonlarida konstitutsiyaviy normalar va tamoyillarga rioya etilishini ta’minlash vazifasi birlashtirganini qayd etdi.
N. Mektrairat Markaziy saylov komissiyasi bilan konstruktiv hamkorlikka tayyorligini bildirdi va kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari ham ishtirok etishdi.
Markaziy saylov komissiyasi