Ishchi guruh a’zolari “Yoshlar va saylovlar” mavzusidagi muloqotda ishtirok etdi

22.06.2026

110

msk_yangiliklari_in

2026-yil 17-22-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Saratov shahrida Xalqaro yoshlar saylov maktabi (XYSM) doirasida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlar MDH davlatlari Parlamentlararo assambleyasining Demokratiyani rivojlantirish xalqaro instituti hamda Saratov davlat yuridik akademiyasi tomonidan tashkil etildi.

 

 

 

2026-yil 20-iyun kuni XYOSM doirasida “Yoshlar va saylovlar” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda MDH ishtirokchi davlatlari saylov organlari rahbarlari Maslahat kengashi huzuridagi Saylov sohasida yoshlar siyosati bo‘yicha ishchi guruh vakillari, yoshlar tashkilotlari hamda Hamdo‘stlik davlatlaridan ekspertlar ishtirok etishdi. O‘zbekiston tomonidan Ishchi guruhning doimiy a’zolari - MSK Kotibiyati xodimlari S. Abdixolikov va S. Olimjonovlar qatnashdilar.

 

 

Muloqot davomida ishtirokchilar yosh saylovchilar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, yoshlarning saylovdagi faolligini rag‘batlantirish hamda ularni saylov jarayonlariga keng jalb etish masalalarini muhokama qildilar. O‘zbekiston MSK vakillari mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xususan, saylov savodxonligini oshirish va yosh saylovchilarning saylov kampaniyalarida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar haqida axborot berishdi.

 

Tadbir MDH ishtirokchi davlatlari o‘rtasida yoshlar siyosati va saylov sohasida huquqiy ma’rifatni rivojlantirish borasida tajriba almashish hamda hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur