O‘zbekiston Respublikasi MSK delegatsiyasi Bangladesh Xalq Respublikasida o‘tkazilgan parlament saylovlari va referendumda kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi

13.02.2026

178

msk_yangiliklari_in

Bangladesh Xalq Respublikasi Saylov komissiyasining taklifiga ko‘ra, MSK raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiyasi 2026-yilning 12-fevral kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari parlament saylovlari hamda konstitutsiyaviy referendumida xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi.

 

Xalqaro kuzatuv dasturi doirasida MSK delegatsiyasi Bangladesh Saylov komissiyasi tomonidan milliy va xalqaro kuzatuvchilar, shuningdek OAV vakillari uchun tashkil etilgan brifingda ishtirok etdi. Unda ovoz berishga tayyorgarlik jarayoni, saylov va referendumning huquqiy asoslari, ularni tashkil etish hamda texnik jihatlari, shuningdek ovoz berish natijalarining shaffofligi, xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, 300 ta bir mandatli saylov okrugida 2 000 nafar nomzod ko‘rsatilgan va aksariyat nomzodlar 51 ta siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan. Taxminan 250 nafar mustaqil nomzodlar saylovlarda ishtirok etdi.

 

 

 

Bangladesh Konstitutsiyasining 1972-yildagi tahririga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha referendum masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, referendum ilk bor parlament saylovlari bilan bir vaqtda o‘tkazilmoqda. Taklif etilayotgan konstitutsiyaviy o‘zgartishlar prezident va bosh vazir o‘rtasidagi vakolatlarni qayta taqsimlashni, shuningdek davlat boshqaruvida muvozanatli tiyib turish va qarshi ta’sir mexanizmlarini shakllantirishni nazarda tutadi. Mazkur o‘zgarishlar ehtimoliy siyosiy suiiste’mollarning oldini olish hamda demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan.

 

Tashrif doirasida MSK raisi o‘rinbosari B. Kuchkarovning Bangladesh Saylov komissiyasi Bosh saylov komissari A.M.M. Nasir Uddin bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki davlat saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar hamda saylov boshqaruvi sohasida tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va saylov jarayonlarini raqamlashtirish, shuningdek kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

 

   

 

A.M.M. Nasir Uddin xalqaro kuzatuvda o‘zbek delegatsiyasining ishtiroki uchun minnatdorlik bildirib, uning saylovlarga bo‘lgan ishonch va shaffoflikni oshirishdagi hissasini alohida ta’kidladi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ekspertlar almashinuvi, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish hamda saylovlarni o‘zaro kuzatishga taklif etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

 

Ovoz berish kuni delegatsiya a’zolari Dakka shahridagi qator saylov uchastkalarida kuzatuv olib bordilar.

 

 

 

 

 

Bangladesh qonunchiligiga muvofiq, 18 yoshga to‘lgan fuqarolar saylov huquqiga ega bo‘lib, saylovchilar ro‘yxatiga qariyb 127,6 million nafar shaxs kiritilgan. Ovoz berishni o‘tkazish uchun mamlakat bo‘ylab 42 950 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.

 

Saylovlar aralash tizim asosida o‘tkazildi: 300 nafar deputat bir mandatli okruglarda majoritar tamoyil asosida saylandi, 50 ta o‘rin esa ayollar uchun ajratildi hamda saylangan deputatlar orasida proporsional vakillik asosida taqsimlandi.

 

   

 

Delegatsiya a’zolari poytaxtning turli tumanlaridagi bir nechta uchastkalarga tashrif buyurib, ularning ochilish jarayoni, uchastka saylov komissiyalarining ishini tashkil etish, saylovchilarni qabul qilish tartibi, identifikatsiya va byulletenlarni berish jarayonlari bilan tanishdilar. Shuningdek, ayrim uchastkalarda ovoz berish yakunlanishi jarayoni, jumladan saylov qutilarini muhrlash, hujjatlarni rasmiylashtirish va materiallarni yuqori turuvchi saylov organlariga topshirish tartibini kuzatdilar.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur