O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

25.01.2026

56

msk_yangiliklari_in

Hindiston Saylov komissiyasining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 21-23-yanvar kunlari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan Demokratiya va saylovlarni boshqarish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Ushbu tadbir Hindiston Saylov komissiyasi tomonidan Hindiston Demokratiya va saylovlarni boshqarish xalqaro instituti hamda Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Konferensiyaning tashkil etilishi 2026-yilda Hindiston Saylov komissiyasining Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro institutiga a’zo davlatlar Kengashiga raislikni qabul qilishi munosabati bilan tashkil etildi.

Tadbirda 42 ta mamlakatning saylovlarni boshqarish organlari vakillarini o‘z ichiga olgan qariyb 1 000 nafar milliy va xalqaro delegatlar ishtirok etishdi.

 

Konferensiya demokratik va saylov innovatsiyalari sohasida tajriba almashish, birgalikda yechimlar ishlab chiqish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun keng ko‘lamli platformani taqdim etdi. Ishtirokchilar saylov jarayonlarini boshqarish bilan bog‘liq global muammolarni muhokama qilib, namunaviy standartlarni ishlab chiqish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

Delegatsiya a’zolari konferensiyaning ishida faol ishtirok etdilar.

 

Konferensiyaning ochilish marosimida MSK raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov so‘zga chiqib, jadal raqamlashtirish, sun’iy intellekt rolining ortib borishi va axborot makonining transformatsiyasi sharoitida saylovlarni boshqarish masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotning dolzarbligini ta’kidlab o‘tdi. U o‘z nutqida barqaror raqamli rivojlanish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, shuningdek, institutsional salohiyatni mustahkamlash muhimligini alohida qayd etdi.

Saylovlarni boshqarish uchun integratsiyalashgan texnologik platformalar masalalariga bag‘ishlangan sessiya doirasida MSK raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov O‘zbekiston saylov tizimining raqamli transformatsiyasi bo‘yicha strategik yo‘li haqida taqdimot o‘tkazdi. Ushbu jarayonning asosiy elementi sifatida “Ye-saylov” platformasi e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, “Ye-saylov” oddiy ma’lumotlar bazasi emas, balki MSK, siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va OAVni birlashtiruvchi, saylov jarayonining barcha bosqichlarida axborotning qonuniy va shaffof almashinuvini ta’minlaydigan yaxlit raqamli ekotizim sanaladi. Shuningdek, tizimning rivojlanish bosqichlari – 2017-yildagi pilot loyihadan boshlab Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini yaratishgacha hamda 2023-2024-yillarda raqamli innovatsiyalarni to‘liq joriy etish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilgan zarur qonunchilik o‘zgartishlari qabul qilinguniga qadar bo‘lgan jarayonlar yoritib berildi.

O‘zbekistonning saylov jarayonini raqamlashtirish va “Ye-saylov” axborot tizimini joriy etish bo‘yicha taqdim etilgan tajribasi konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.

 

Konferensiya doirasida MSK raisi o‘rinbosari va Hindistonning Bosh saylov komissari G. Kumar o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy rivojlanish dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etib, uni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini, jumladan raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston MSK delegatsiyasining Hindistonda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi ishtiroki xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or amaliyotlar almashinuvi hamda demokratik islohotlar va saylovlarni boshqarish sohasidagi milliy tajribani ilgari surishda muhim hissa bo‘ldi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur