08.03.2026

71

msk_yangiliklari_in

Muhtarama onaxonlar! Qadrli opa-singillar!

 

Sizlarni go‘zal va betakror Vatanimizga bahor nafasi kirib kelgan ushbu farahli kunlarda ezgulik, go‘zallik va oilaviy qadriyatlar bayrami 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin dildan, samimiy muborakbod etishdan g‘oyat mamnunmiz!

 

Bu bayram buvilarimizga, onalarimizga, opa-singillarimizga, qizlarimizga mehr-muruvvatimizni yanada oshiradigan, ularning sha’niga eng samimiy va ezgu tilaklarimizni, chuqur hurmat-ehtiromimizni izhor etadigan quvonchli ayyomdir.

 

Ushbu bayramning Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani uning qadrini yanada oshiradi. Ana shu muqaddas oy —  Ramazoni sharif ham barchamizga muborak bo‘lsin.

 

Bugungi kunda hurmatli ayollarimiz barcha soha va tarmoqlarda, jumladan, milliy saylov tizimda Vatanimizning jadal taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shayotganini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

 

Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini, xususan saylov huquqini ta’minlash borasida olib borilayotgan izchil ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilgan.

 

Jumladan, Parlamentlararo ittifoqning yaqinda Jenevada bo‘lib o‘tgan 151-sessiyasida O‘zbekiston parlamentlarning quyi palatalarida xotin-qizlar faolligi bo‘yicha dunyoda 15-o‘rinni egallagani qayd etildi. 

 

Ushbu raqamlar zamirida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash avvalo aziz va mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi degan ezgu tamoyil asosida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, gender tenglikni qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli buyuk islohotlarning ulkan samaralari mujassamdir.

 

Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!

 

Barchangizga avvalo, mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt va uzoq umr tilaymiz. Hayotingizdan, xonadoningizdan hech qachon fayzu baraka arimasin. Go‘zal Vatanimizning ravnaqi yo‘lidagi xayrli ishlaringizda hamisha yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!    

 

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi jamoasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur