Barcha yurtdoshlarimizni shu kunlarda keng nishonlanayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z ayyomi bilan samimiy tabriklaymiz.
Ramazon hayiti – ulug‘ bayram. Shuning uchun bunday ulug‘ ayyom kunlari yaqinlarimizni yo‘qlab, ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir.
Mehr-muruvvat va sadaqaning esa katta-kichigi bo‘lmaydi. Tabarruk kitoblarimizda yozilganidek: “Birodaringning yuziga tabassum bilan qarashing sadaqadir, yaxshilikka buyurishing sadaqadir, yomonlikdan qaytarishing sadaqadir, yo‘ldan adashgan kishini to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘yishing sadaqadir, ko‘zi ojiz kishiga yordam berishing sadaqadir, yo‘l ustida yotgan tosh, tikan yoki suyakni olib tashlashing sadaqadir, chelagingdagi suvdan birodaringning chelagiga quyib berishing sadaqadir”.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zining "Vatan va xalq haqida o‘ylar" kitobida alohida ta’kidlaganlaridek, “Hayot bor ekan, jaholat ham, ma’naviy tahdidlar ham bo‘lishi tabiiy. Ammo eng xatarlisi - yurt kelajagiga loqaydlik, ezgu qadriyatlarga nisbatan beparvolikdir”.
Rahmat va mag‘firat nurlari yog‘iladigan ushbu saodatli kunlarda yurtdoshlarimizning Vatanmiz kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yanada mustahkamlanib, ezgu qadriyatlarga e’tibori yanada oshmoqda.
Kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilayotgani, el-yurtimizning tinchligi, baxti va kelajagi uchun duoyi fotihalar qilinayotgani ushbu ayyomlarning fayz-u tarovatini yanada oshirmoqda.
Donishmand xalqimiz topib aytganidek, yilning qanday kelishi bahoridan bilinadi. O‘tayotgan kunlarga razm solsak, joriy yilimiz ham xayrli va barokatli bo‘ladi. Yomg‘irli va oftobli kunlarning mutanosib ravishda yonma-yon kelayotgani yurtdoshlarimizning bayramona kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.
Xalqimiz bahor shodiyonalarini bu yil “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya asosida ko‘tarinki ruh va ezgu orzular bilan keng nishonlamoqda.
Zero, Navro‘z yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga undaydigan, jamiyatda inson qadrini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan suyukli bayramdir.
Ushbu muborak kunlarda Yaratgandan, eng avvalo, el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka, mustahkam sihat-salomatlik, barchangizga oilaviy baxt, uzoq umr, o‘qish va ishlaringizga ravnaq ato etishini tilaymiz.
Ayyomlaringiz muborak bo‘lsin!
Markaziy saylov komissiyasi