O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1460 2026-yil 17-fevral
Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida bo‘shab qolgan o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi saylovini o‘tkazish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 78 va 87-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari saylovi bo‘yicha Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislari ilovaga muvofiq o‘tkazilsin.
2. Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari zimmalariga deputatlarning tegishli qo‘shma majlislarini o‘tkazishga oid tashkiliy masalalarni hal etish vazifasi yuklatilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, bo‘shab qolgan o‘rinlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zolari saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar Saylov kodeksi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-noyabrdagi 1418-son qaroriga muvofiq tarzda amalga oshiriladi.
4. Tegishli xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari saylangan Oliy Majlis Senati a’zolarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qo‘shma majlisning bayonnomasini ikki kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yuborilishini ta’minlasin.
5. Ushbu qaror nusxasi xalq deputatlari Jizzax, Samarqand va Sirdaryo viloyatlari Kengashlariga hamda hokimliklariga yuborilsin.
6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev
ILOVA