Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

SAYLOVCHILAR YAGONA ELEKTRON RO‘YXATI: TAKOMIL VA TARAQQIYOT

20.03.2023

1321

msk_yangiliklari_in

Bugunga kelib zamonaviy axborot texnologiyalarining saylov jarayoniga taʼsiri ham sezilarli darajada oshdi. So‘nggi yillarda saylov amaliyotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining yangi imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha muayyan tajriba to‘plandi. Bu fuqarolar saylov huquqlarining O‘zbekiston Konstitutsiyasi va milliy qonunchilikka, xalqaro saylov standartlariga muvofiq, amalda taʼminlanishiga zamin yaratmoqda.

Hozirda milliy saylov jarayonida zamonaviy AKT keng ko‘lamda qo‘llanilmoqda. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (SJBAT), saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYAER), saylov jarayonlarini videokuzatuv, interaktiv xizmatlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti (masalan, “O‘zingizni saylovchilar ro‘yxatidan toping”, “Saylov uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish” va boshqalar) va “Sailov2021” maxsus vebportali, elektron pochta, maxsus telegram bot, feycbuk, instagram, yutub va tvitterdagi tezkor xabarlar, saylov komissiyalari aʼzolari tezkor foydalanishi uchun maxsus mobil ilovalar shular jumlasidandir. Yaratilayotgan bunday keng imkoniyatlar saylov jarayoni samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir.

MUHIM VAZIFALARDAN BIRI

Rivojlangan mamlakatlarda saylov jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilishi saylovning ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashning asosiy omili sifatida qaralmoqda. Shuni taʼkidlash kerakki, AKTni keng joriy etish yo‘li bilan milliy saylov jarayonini yanada takomillashtirishga qaratilgan birinchi qadam sifatida O‘zbekistonda 2017-yili saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish borasida ishlar boshlandi. Bunda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan edi. Mazkur axborot tizimi 2017-yil dekabr oyida Toshkent shahar xalq deputatlari kengashiga saylovlarda sinovdan o‘tkazildi hamda u xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi. Endilikda ushbu yo‘nalishdagi eng muhim vazifa – saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish, butun mamlakat bo‘ylab saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.

Ayni paytda mazkur sohadagi islohotlarni amalga oshirish eng muhim vazifalardan biri sifatida belgilab olindi va qator hujjatlar qabul qilindi.

Xususan, zamonaviy AKTni tatbiq etish orqali saylov jarayonini isloh qilish Harakatlar strategiyasini 2018-yilda amalga oshirishga doir davlat dasturida ko‘zda tutilgan edi. Bu hujjatda zamonaviy AKT keng joriy etilishi mamlakatdagi saylov jarayonini yanada takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab berildi.

Prezidentning “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi huquqiy bazaning muhim tarkibiy qismidir. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham saylov jarayonini rivojlantirishning ustuvor vazifalari bilan birga, ushbu sohada AKTdan keng foydalanish, axborot xavfsizligini taʼminlash borasida eng muhim vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu jarayonga MSK (umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshirish), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlanitirish vazirligi (yagona texnologik yondashuv), Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi (reyestrlarni yuritish) va “UNICON.UZ” — “Fan-texnika va marketing tadqiqotlari” markazi davlat unitar korxonasi (tizimni yaratish va unga texnik xizmat ko‘rsatish) jalb etildi.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda xorijiy tajribani o‘rganib, 2019-yilda mamlakat parlamenti va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarda foydalanish uchun Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ishlab chiqildi va joriy etildi.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va undan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi normalarni (4-bob. Saylovchilar ro‘yxatini tuzish) ishlab chiqish va Saylov kodeksi loyihasiga kiritish bo‘yicha ishlar faol olib borildi. 2019-yilning 25-iyunida qabul qilingan kodeks saylovchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni to‘plash va SYAERni shakllantirish (28-modda), fuqarolarni saylovchilarning ro‘yxatlari bilan tanishtirish, shuningdek, undagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilish (29, 30-moddalar) masalalarini tartibga soldi.

Saylovda saylovchilarning elektron ro‘yxatini tuzish, aniqlashtirish va ulardan foydalanish tartibi MSKning “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida”gi Nizomida ham o‘z aksini topgan. Shuningdek, fuqarolar saylov huquqlarining to‘liq amalga oshirilishini taʼminlash va bir-necha bor ovoz berishning oldini olishga qaratilgan “Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan foydalanishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi MSKning maxsus qarori qabul qilindi.

2019-yilgi saylov kampaniyasi davomida AKTni saylov jarayoniga tatbiq etish bo‘yicha ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar qatorida quyidagilarni alohida ko‘rsatish mumkin:

SYAERni shakllantirish doirasida vakolatli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018-yilning noyabridan 2019-yilning aprel oyiga qadar uyma-uy yurishlar orqali aholini ro‘yxatga kiritish tashkillashtirildi. Fuqarolarning pasport maʼlumotlari yetti millionga yaqin ko‘chmas mulk obyektlari kadastr raqamiga biriktirildi. Natijada 20,5 milliondan ortiq saylovchidan tashkil topgan SYAER shakllantirildi va ular saylov uchastkalariga avtomatik ravishda taqsimlandi.

Saylov kampaniyasi davrida uchastka saylov komissiyalari (USK) tomonidan yana bir marta uyma-uy yurilib saylovchilar ro‘yxati aniqlashtirildi. Saylovlar davomida tashkil etilgan barcha 6720 saylov okrugi va 10260 saylov uchastkasi SYAER bilan ishlash uchun internet tarmog‘iga ulandi. Mavjud telekommunikatsiya tarmog‘i orqali internet xizmatlarini ko‘rsatishning texnik imkoniyati mavjud bo‘lmagan olis va tog‘li hududlarda joylashgan 40 ga yaqin saylov uchastkasi internet tarmog‘iga sunʼiy yo‘ldosh aloqa tizimi orqali ulandi. 60 ta saylov uchastkasiga 120 ta videokuzatuv kameralari translyatsiyasi MSKning xalqaro matbuot markazida va veb-saytida, shuningdek, “O‘zbekiston-24” telekanalida namoyish qilinishi orqali saylov jarayonlarini real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Tajriba tariqasida 20 ta saylov uchastkasida saylovchilar pasportlarining biometrik maʼlumotlarini identifikatsiya qiluvchi 60 ta moslama o‘rnatildi. SYAER to‘la SJBAT bilan birlashtirildi va saylovoldi kampaniyasi davrida va saylovlar yakuni bo‘yicha tezkor, ishonchli maʼlumotlarni shakllantirish uchun asos bo‘ldi. Ushbu axborot tizimida Oliy Majlis aʼzolari, viloyat va tuman (shahar) saylov okruglari, saylov uchastkalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar to‘plandi. MSK veb-saytida “O‘zingizni saylovchilar ro‘yxatidan toping” xizmati ishga tushirildi, undan 110 mingdan ortiq fuqaro saylov kampaniyasi davomida foydalandi.

Saylov tashkilotchilarining SJBAT dan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada respublikada 35 mingdan ziyod okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolari, operatorlar va siyosiy partiyalar aʼzolari o‘qitildi.

XALQARO EʼTIROF

YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Saylovlarni kuzatish missiyasining O‘zbekistonda 2019-yilgi parlament saylovlari bo‘yicha yakuniy hisobotida saylov jarayoniga AKTning joriy etilishi muhim muvaffaqiyat sifatida taʼkidlandi. Jumladan, “Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatining ishga tushirilishi joriy saylovdagi muhim yutuq va avvalgi saylovlarda qo‘llangan yondashuvga qaraganda ancha ijobiy siljish bo‘ldi”, deyiladi hisobotda.

MDH kuzatuvchilar missiyasi fikricha, parlament saylovlari davomida saylovchilar ro‘yxatlarini tuzish va aniqlashtirish tartibi umumiy saylov huquqi prinsipining amalga oshirilishini taʼminlash va O‘zbekiston Respublikasining ovoz berish huquqiga ega barcha fuqarolariga saylovlarda qatnashish imkoniyatini yaratdi.

SHHT kuzatuvchilari missiyasining bayonotida taʼkidlanishicha, O‘zbekistonda zamonaviy AKTlarni joriy etish orqali saylov jarayoni izchil takomillashtirilmoqda. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish davom etmoqda. Tizim aholini saylov jarayonining borishi to‘g‘risida keng xabardor qilish va saylovchilar ro‘yxatini shakllantirishda fuqarolar hisobini yuritish imkonini beradi. Bu saylovchilar ro‘yxati to‘g‘riligini taʼminlaydi va ikki marta ovoz berish imkoniyatini istisno qiladi.

MDH Parlamentlararo assambleyasi ekspertlar guruhining kuzatuvi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekiston tarixida ilk bor Qonunchilik palatasiga saylovlar uchun saylov kampaniyasi boshlanishiga qadar SYAER va SJBAT shakllanishiga imkon yaratdi. AKTdan foydalanish saylov jarayoni tashkilotchilari ishini sezilarli yengillashtirishga, saylov qonunchiligi buzilishini istisno qilishga imkon yaratayotgani taʼkidlandi. “Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar saylovchilarning saylov huquqlaridan foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirdi. Masalan, chet eldagi fuqarolar saylov.mfa.uz veb-sayti orqali xorijdagi saylov uchastkalariga saylovchilar ro‘yxatiga kiritishni so‘rab elektron shaklda murojaat qilishi mumkin edi. Umuman olganda, saylov kampaniyasi davrida chet elda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga qiyinchiliklarsiz ovoz berish huquqidan foydalanish uchun qulay sharoit yaratildi”, deyiladi MDH Parlamentlararo assambleyasi ekspertlar guruhi hisobotida.

TAKOMILLASHTIRISH DAVOM ETMOQDA

SYAER bilan ishlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Joriy yilning o‘zida bir necha muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi buning tasdig‘idir. Xususan, 8-fevralda “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda saylovchilar ro‘yxati bilan ishlashga doir yangi qoidalar ko‘zda tutilgan.

Saylov kodeksida saylovchilar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritishni to‘xtatish muddati o‘zgartirilib, saylovga besh kun qolganda bo‘lishi belgilandi. Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatidagi o‘ziga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi (TIV), O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham taʼminlanadi.

Shuningdek, joriy yilning 6-mayida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarorining qabul qilinishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga qulay sharoit yaratishga hamda ularning bevosita saylov huquqlari kafolatlari taʼminlanishiga xizmat qiladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan fuqarolarning ko‘chmas mulk obyektlari kadastr raqamlari va ular joylashgan manzili maʼlumotlarini taqdim etish belgilanishi SYAERni shakllantirishda qulayliklar yaratdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga (DPM) saylovchi fuqarolar to‘g‘risida taqdim etadigan davlat organlari safi kengaytirilmoqda. Bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Milliy gvardiya tizimidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan va harbiy qismlardagi fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni DPMga taqdim etish belgilangan. Mavjud ayrim vakolatli organlarning saylovchi fuqarolar to‘g‘risida taqdim etadigan maʼlumotlari va taqdim etadigan muddatlari qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar orqali aniqlashtirildi. Bularning hammasi vakolatli organlar tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar orqali har bir saylovchi boshqa saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

DEMOKRATIK TAMOYILLARGA AMAL QILIB

Maʼlumki, umumiylik, tenglik, erkinlik, adolatlilik, maxfiylik, ochiqlik va hisobdorlik umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov tamoyillari hisoblanadi. Ushbu demokratik tamoyillarning amaldagi ifodasi saylov paytida har bir ovoz hisobga olinishi va har bir fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etishida o‘z aksini topadi.

 Bundan tashqari, saylov jarayonida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganlar soni-salmog‘i asosida, masalan, maʼmuriy birliklar soni va saylov uchastkalarining joylashuvi, saylov uchastkalariga yetkazilishi lozim bo‘lgan byulletenlar va saylov materiallarining miqdori, ovoz berishda qatnashganlar soni kabilar bilan bog‘liq muhim qarorlar qabul qilindi.

Milliy qonunchilikda SYAER vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursi sifatida taʼriflanadi.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati Saylov kodeksiga muvofiq, DPM tomonidan berilgan saylovchilar – fuqarolar hamda saylov kampaniyasi davomida saylovchilar ro‘yxatlarini aniqlashtirish orqali USKlar tomonidan taqdim etilgan saylovchilar to‘g‘risidagi maʼlumotlar asosida shakllantiriladi va yangilanadi. Keyinchalik, SYAERdan har bir saylov uchastkasi uchun saylovchilar ro‘yxati olinadi.

Jazoni ijro etish muassasalarida, harbiy qismlarda, kasalxonalarda va boshqa statsionar tibbiy muassasalarda vaqtincha bo‘lgan, shuningdek, chet elda yashovchi saylovchilarning ro‘yxatlari ushbu muassasalar rahbarlari yoki tegishli diplomatik vakolatxonalar tomonidan tuziladi.

Har bir USK tuzilganidan keyin uch kun ichida SYAERda taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini oladi. USK saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi. USK saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish bo‘yicha ishda ishtirok etish uchun jamoatchilik vakillarini jalb etishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashadi.

Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari saylovchining saylovchilar ro‘yxatiga saylovchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash manziliga oid o‘zgartirish kiritishiga asos bo‘ladi. Saylovchilarning ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha USK tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Saylov kuni saylov uchastkalarida SYAERdan olingan saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalaniladi. Shunday qilib, bitta saylovchi bitta emas, balki bir-nechta saylov uchastkalari ro‘yxatida bo‘lishi holatlarining oldi olinadi.

Saylov kodeksida fuqarolarga USK binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek, MSKning rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘ziga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.

Chet davlatlarda turgan fuqarolarga saylovchilar ro‘yxatidagi o‘ziga tegishli maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati TIV, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari rasmiy veb-saytlari orqali ham taʼminlanadi.

Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

Chet elda vaqtincha yoki doimiy istiqomat qilayotgan saylovchilar o‘zlari yashab turgan mamlakatdagi saylov uchastkalarida saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun yozma ravishda ariza berishi yoki saylov o‘tkazilishidan o‘n besh kun oldin TIVning rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin. O‘z navbatida, TIV xorijiy saylov uchastkalarida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar to‘g‘risida umumlashtirilgan maʼlumotlarni SYAERga tegishli tuzatishlar kiritish uchun DPMga taqdim etadi. Qandaydir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.

Caylovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 20-avgustida MSK tomonidan “Saylov uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom qabul qilindi. Unga ko‘ra saylovchi SYAERdagi saylov uchastkasi haqidagi maʼlumotlar bilan uning doimiy yoki vaqtincha yashash joyi manzili o‘zaro nomuvofiq bo‘lgan taqdirda saylov uchastkasini o‘zgartirishi mumkin. Ushbu interfaol xizmat O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va MSK ning rasmiy veb-sayti orqali ko‘rsatiladi. MSK ning rasmiy veb-sayti, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va SJBAT o‘rtasidagi idoralararo elektron axborot almashinuvi yordamida amalga oshiriladi.

Joriy etilayotgan saylov uchastkasini o‘zgartirish bo‘yicha yangi xizmat tizimi saylovchilarga yanada qulaylik yaratash bilan birga, USKlar faoliyati samardorligini oshirishga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, Saylov kodeksida saylovchilar ro‘yxati xususida bahslashuv imkoniyatlarini tartibga soluvchi qoidalar mavjud. Har bir fuqaro saylovchilarning ro‘yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida USKga arz qilishi mumkin. USK 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilgani to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart. Shu bilan birga saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga besh kun qolganida to‘xtatiladi.

XALQARO AMALIYOT VA MILLIY QONUNCHILIK

DIIHBning saylov qonunchiligi tahlili bo‘yicha tavsiyalarida ovoz berish huquqi faqatgina qonunchilik bazasida shaxsning saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi uchun qulay tartib yaratilgan, saylovchilar ro‘yxatlarining to‘g‘riligi taʼminlangan, ovozlarning adolatli hisoblanishiga kafolat mavjud bo‘lganda haqiqiy ahamiyatga ega. To‘liq shaffoflik tamoyili saylovchilarni ro‘yxatga olish va saylovchilar ro‘yxatini yuritishning asosiy standartlaridan biri sifatida belgilangan.

O‘zbekistonda SJBAT va SYAER DIIHBning muntazam ravishda yangilanib va turli manbalar orqali qayta tekshirilib turiluvchi markazlashgan saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish yuzasidan bergan tavsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Bu borada Buyuk Britaniya, Daniya, Rossiya, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlar tajribasi chuqur o‘rganilgan.

Jahon amaliyotida avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini saylov jarayonlarida qo‘llashning mintaqaviy va federal turlari mavjud. Mintaqaviy usul (masalan, AQSHda) saylovlarni avtomatlashtirishda mahalliy saylov organlari javobgarligini nazarda tutsa, “federal” usulda (masalan, Kanadada) ushbu jarayon markazlashgan holda amalga oshiriladi. Ikkinchi usul, o‘zining yaqqol afzalliklari tufayli qulayroq hisoblanadi. Avtomatlashtirilgan tizim saylov tizimining elektron shakli bo‘lishi lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz milliy saylov tizimiga raqamli texnologiyalarining izchil va muvaffaqiyatli joriy etilayotgani fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy huquqlaridan biri – saylash va saylanish huquqini amalda taʼminlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Gulnoza RAHIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov

komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur