Joriy yilning 14-may kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning Markaziy saylov organlari maslahat platformasi (TDT MSOMP) Nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda TDT Bosh kotibi K. Omuraliyev, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi M. Syureyya Er, Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi Bosh kotibi In-Sik Jang, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Turkiya, O‘zbekiston va TDT huzuridagi kuzatuvchi davlat – Vengriya markaziy saylov organlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Kun tartibiga muvofiq, TDT MSOMP Nizomini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. 2024-yil 6-noyabrdagi Bishkek deklaratsiyasida belgilanganidek, Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi mazkur Maslahat platformasini tashkil etish tashabbuskori sifatida Nizom loyihasini ishlab chiqqanligi hamda mazkur platforma orqali tashkilotga a’zo davlatlarning saylov organlari o‘rtasida hamkorlikni rag‘batlantirish, saylov jarayonlarini takomillashtirish va milliy qonunchilik asosida saylovlarni tashkil etishda mavjud tajribalarni o‘zaro o‘rtoqlashishni ko‘zda tutishi ta’kidlandi.
Hujjat maslahat organining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari va tartiblarini belgilaydi. Platforma o‘z ishida TDTning ta’sis va tarkibiy hujjatlari hamda mazkur Nizom asosida faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston MSK raisi Z.Nizamxodjayev o‘z nutqida TDTning yangi global tartibot va xalqaro institutlar tizimidagi rolini alohida qayd etib, davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlar tashkilotga a’zo 160 million aholini qamrab oluvchi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Z.Nizamxodjayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning: “Tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog‘langan qardosh xalqlarimiz ovozi endilikda dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangramoqda” degan so‘zlarini keltirdi va bu fikrlarning amaliy tasdig‘i sifatida turkiy davlatlarining milliy saylov tizimlarida kechayotgan muhim o‘zgarishlar va saylov organlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamda xalqaro hamkorlikning mustahkamlanayotganini qayd etdi. “Aslida, Maslahat platformasining asosiy maqsadi – tashkilotga a’zo davlatlarning saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, saylov jarayonlarini milliy qonunchilik va xalqaro majburiyatlar asosida tashkil etishda o‘zaro ilg‘or tajribani qo‘llash orqali takomillashtirishdan iborat”, – dedi Z.Nizamxodjayev.
Tadbir ishtirokchilari ushbu kelishuvlarni amalga oshirish saylov sohasida turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashini ta’kidladilar.
Turkiston shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston MSK Raisi boshchiligidagi delegatsiya “Turkiy dunyo: saylov tizimlarini rivojlantirishda an’analar, amaliyot va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda, shuningdek X.A.Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari bilan uchrashuvda ishtirok etdi.
Shuningdek, Z.Nizamxodjayevning TDTga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari bilan uchrashuvlari o‘tkazildi.
Maslahat platformasini tashkil etish doirasidagi tadbirlarda MSK a’zosi G. Raximova, Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari F. Nigmanov va Toshkent viloyati hududiy komissiyasi raisi o‘rinbosari D. Shoismanov ham ishtirok etdilar.
Markaziy saylov komissiyasi