O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning Markaziy saylov organlari maslahat platformasining ishchi majlisida ishtirok etdi

03.12.2025

164

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston delegatsiyasining Qirg‘izistonga tashrifi doirasida muddatidan ilgari parlament saylovlarini xalqaro kuzatish dasturida ishtiroki jarayonida, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Raisi TDTga a’zo davlatlarning Markaziy saylov organlari maslahat platformasining (TDT MSOMP) ishchi majlisida ishtirok etdi.

 

Maslahat platformasi yig‘ilishida TDT Bosh kotibining o‘rinbosari M.Azimov hamda TDTga a’zo davlatlarning markaziy saylov organlari rahbarlari ishtirok etdilar.

 

 

 

Majlis davomida joriy yilning 14-may kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Maslahat platformasining birinchi majlisi materiallari, shuningdek “Turkiy dunyo: saylov tizimlarining an’analari, tajribasi va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilarining ma’ruzalarini o‘z ichiga olgan “Turkistan Electoral Forum – 2025” to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu to‘plamda TDTga a’zo davlatlarning saylov tizimlari tarixi, ularning huquqiy xususiyatlari, saylov o‘tkazish tajribasi, zamonaviy elektoral chaqiriqlar va rivojlanishning ehtimoliy yo‘nalishlarini qamrab olgan kompleks tadqiqot joy olgan. Shuningdek, to‘plamda konferensiya doirasida ishlab chiqilgan natijalar va tavsiyalar aks ettirilgan.

 

 

 

Majlisda Qozog‘iston Respublikasining 2025-2027-yillarda TDTga a’zo davlatlarning MSOMPdagi raisligi doirasida amalga oshiriladigan vazifalar va tadbirlar rejasi, shuningdek “TDTga a’zo davlatlarning saylov tizimlari” nomli qo‘shma monografiya tayyorlash masalasi muhokama qilindi.

 

Shu bilan birga, saylov jarayoniga dipfeyk texnologiyalari ta’sirini kamaytirish maqsadida Ishchi guruh tuzish masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu guruhning asosiy vazifalari dipfeyklarning saylov davrida tarqalishini monitoring qilish, xavflarni baholash, ularga javob qaytarish algoritmlarini ishlab chiqish va TDTga a’zo davlatlarning saylov organlari o‘rtasida tezkor axborot almashinuvini ta’minlashdan iborat.

 

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘z nutqida mazkur tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, dipfeyklar va sun’iy intellekt asosidagi boshqa manipulyativ texnologiyalarning ommalashuvi elektoral jarayonlarga jiddiy tahdid solmoqda va yangi chaqiriqlarni keltirib chiqarmoqda. Bunday usullar saylovchilarni chalg‘itish yoki demokratik institutlarga bo‘lgan ishonchni pasaytirish maqsadida saylovoldi kampaniyalarida qo‘llanilishi mumkin.

 

 

 

Shuningdek, u O‘zbekistondagi so‘nggi saylov kampaniyasida mazkur texnologiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar haqida ham ma’lumot berdi. Z.Nizamxodjayev dezinformatsiyaga qarshi kurashish, aholida raqamli savodxonlikni oshirish va saylov institutlariga ishonchni mustahkamlash yuzasidan aniq tashabbuslarni bildirdi, Maslahat platformasining sun’iy intellektdan foydalanish tartibini, ayniqsa tashviqot jarayonlari va Tashkilot doirasida boshqa xalq irodasini bildirish shakllaridagi qoidalarni belgilab beruvchi normativ hujjat ishlab chiqishni taklif etdi. Ushbu hujjat Qoidalar, Tushuntirishlar shaklida bo‘lishi mumkin. Kelgusida demokratik tamoyillarni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida TDT doirasida dipfeyk texnologiyalaridan foydalanishga qarshi yagona xalqaro standartlar ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

 

Maslahat platformasining ishchi majlisi yakunida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Maslahat platformasi a’zolari bo‘lgan Turkiya va Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyalari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda xorijiy saylov organlarini mamlakatimiz saylov amaliyoti va qonunchiligi bilan tanishtirish maqsadida ularga «Yuksalayotgan O‘zbekiston. Saylovlar – 2024» nomli 2024 yilgi saylovlarning tayyorgarlik jarayoni, o‘tkazilishi va natijalariga oid tahliliy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan maxsus To‘plam taqdim etildi.

 

   

 

Ma’lumot uchun: ushbu maxsus To‘plam 2024 yilgi saylov kampaniyasi natijalari asosida tayyorlanib, nashr etilgan (o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida). Unda 2024 yilgi saylovlarning tayyorgarlik, o‘tkazilish va natijalarini tahlil qiluvchi kompleks tadqiqot jamlangan.

 

O‘zbekistonning qator xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etishi va xalqaro saylov standartlarini amalga tatbiq etishdagi hamkorligini inobatga olgan holda, mazkur to‘plam YXHT DIIHB, MDH Ijroiya qo‘mitasi, MDH PA, SHHT, TDT kabi xalqaro tashkilotlarga, shuningdek mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchixonalariga taqdim etilgan.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur