Joriy yilning 19-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida Turkiya Respublikasi Oliy saylov kengashi raisi A. Yener boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshlanishida Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev Turkiya Respublikasi Oliy saylov kengashi delegatsiyasini qutlar ekan, Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT)ga a’zo davlatlar Markaziy saylov idoralari maslahat platformasining birinchi yig‘ilishida qabul qilingan Platforma nizomining ahamiyatini alohida qayd etib, mazkur hujjat O‘zbekiston va Turkiya markaziy saylov organlari o‘rtasidagi saylov sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida delegatsiya vakillari mamlakatimizda saylov qonunchiligini takomillashtirish va saylov tizimini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan, 2024-yildagi parlament saylovlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirib o‘tildi.
O‘z navbatida, Turkiya Respublikasi Oliy saylov kengashi raisi A. Yener samimiy qabul va ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik izhor etdi.
A. Yener O‘zbekistonning saylov jarayonlarini tashkil etish borasidagi tajribasiga to‘xtalib, uni alohida e’tiborga loyiq ekanligini ta’kidladi. Jumladan, saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ildam qadamlarni yuqori baholab, raqamlashtirish bevosita saylovlarni ochiq, oshkora va adolatli o‘tkazishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Suhbat yakunida ikki mamlakat markaziy saylov organlari raislari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanayotganini, xususan saylov sohasidagi o‘zaro aloqalar va tajriba almashish amaliyoti bundan keyin yanada samarali davom etishiga ishonch bildirishdi.
Markaziy saylov komissiyasi