Joriy yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendumni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish jarayoni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan tartib-tamoyillar asosida izchillik bilan muvofiqlashtirib borilmoqda.
Maʼlumki, Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 16-apreldagi majlisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralarida 14 ta referendum okruglari tashkil etilgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 23-mart kuni boʻlib oʻtgan majlisida qonun talablaridan kelib chiqib, referendumga tayyorgarlik koʻrishdagi navbatdagi masala – referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalarini tuzish masalasi koʻrib chiqildi.
“Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyasi referendum tayinlash toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan oʻn kundan kechikmay komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz — oʻn sakkiz nafar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
Referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar dastlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida atroflicha muhokama qilindi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etildi.
Ushbu tavsiyalarga asoslangan holda hamda qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi majlisida referendum oʻtkazuvchi 14 ta okrug komissiyalarini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi va ularning tarkiblari tasdiqlandi.
Qonunga muvofiq okrug komissiyalari tarkibiga saylovlar hamda referendum oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar, shu jumladan huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, shifokorlar, muhandislar, jurnalistlar va boshqa kasb vakillari kiritilgan.
Referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari jami 266 nafar aʼzodan iborat boʻlib, shulardan ayollar 112 nafarni, yaʼni 42 foizni tashkil etadi. Okrug komissiyalari rahbar (rais, rais oʻrinbosari va kotib) lavozimlarida ayollar 38 foizni tashkil etmoqda. Ilk bor okrug komissiyalari raisligiga ikki nafar ayol tasdiqlandi.
Okrug komissiyalari tarkibida nogironligi boʻlgan shaxslar 5 foizni tashkil etmoqda. Komissiyalar aʼzolarining 6,0 foizi yoshlar vakillari, 58,3 foizi 31 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan fuqarolardan iborat.
Shuningdek, majlisda saylov yoki referendum uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmatni joriy etish hamda komissiya huzuridagi tezkor axborot berish markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama etildi.
Referendum jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda referendumda ovoz beruvchi fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali referendum uchastkasini aniqlash va oʻzgartirish boʻyicha interfaol xizmat koʻrsatish tartibini joriy etish choralari belgilab olindi.
Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tezkor va samarali koʻrib chiqish, fuqarolarga referendumni oʻtkazishga oid masalalar yuzasidan tezkor hamda qulay tarzda huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish, ularning referendum qonunchiligi boʻyicha xabardorlik darajasini, huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etildi.
Kun tartibidan oʻrin olgan barcha masalalar Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari tomonidan keng muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati