2025-yil 25–28-iyun kunlari Qirg‘iz Respublikasining Cho‘lpon-Ota shahrida «Zamonaviy saylov ishtirokining yondashuvlari: nazariyadan amaliyotga» mavzusida elektoral forum bo‘lib o‘tdi.
Issiq-ko‘l forumi Qirg‘iz Respublikasi Saylovlar va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha Markaziy komissiyasi tomonidan tashkil etildi. Forumda Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Hindiston, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya va Estoniya davlatlarining saylov organlari rahbarlari va vakillari, shuningdek, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi , Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT), Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi (TurkPA), MDH (Ijroiya qo‘mita, Parlamentlararo assambleya, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti parlament assambleyasi, MDH PA Demokratiyani rivojlantirishni monitoring qilish xalqaro instituti) kabi xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari, saylov huquqi va jarayoni bo‘yicha ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilariga tabrik so‘zlari bilan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, MDH, SHHT, TDT, MDH Mejparlament Assambleyasi, TurkPA Bosh kotiblari va boshqalar murojaat qildilar.
Elektoral forum dasturining doirasida «Xalqaro saylov amaliyotlarini milliy kontekstga adaptatsiyasi» mavzusida panel sessiyasi hamda «Saylov tashkilotchilarini o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi uslublar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar jarayonida saylov tizimlarini rivojlantirish va fuqarolarning barcha toifalari uchun saylovlarda teng ishtirok etish imkoniyatlarini ta’minlash bo‘yicha dolzarb masalalari, saylov qonunchiligini takomillashtirish va qo‘llash, shuningdek, saylovlar va referendumlarning ishonchliligi va oshkoraligini ta’minlash texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan professional muloqot tashkil etildi.
Panel sessiyasidagi kirish so‘zida MSK Raisi Z.Nizamxodjayev xalqaro saylov amaliyotlarining milliy qonunchilik va amaliyotlarga ta’siri borasida so‘z yuritib, bugungi kunda bunday ta’sir ancha sezilarli va muqarrar hisoblanishiga e’tibor qaratdi. «Davlatning xalqaro majburiyatlari va xalqaro saylov standartlarini implementatsiya qilish asosida saylovlarni o‘tkazish va ularda xalqaro kuzatuvni tashkil etish borasida huquqiy tartibga solish amalga oshirilmoqda. Bu amaliyot mamlakatimiz tomonidan saylov kampaniyalarini tashkil etish va o‘tkazishda qabul qilingan xalqaro majburiyatlarga to‘liq mos keladi», – deb ta’kidladi Z. Nizamxodjayev.
Z.Nizamxodjayev O‘zbekistondagi saylov va referendumlar to‘g‘risidagi milliy qonunchilik doirasida xalqaro-huquqiy asoslarni qo‘llash tajribasi haqida so‘z yuritdi. U so‘nggi o‘n yillikda bu sohada yuz bergan tub o‘zgarishlar mamlakatdagi demokratik islohotlar jarayoni bilan bog‘liq ekanligini ta’kidladi.
Chet ellik mutaxassislar va ekspertlar fikriga havola qilgan holda, so‘nggi yillarda saylov sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekistonda erkin va adolatli saylovlar standartlarini o‘zida mujassam etgan ilg‘or saylov qonunchiligi shakllanganligini qayd etdi. Buning yaqqol isboti sifatida u Saylov kodeksining qabul qilinishi, axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining saylov jarayoniga joriy etilishi va boshqa bir qator yangiliklar borasida to‘xtalib o‘tdi.
Xalqaro elektoral forumning ikkinchi kunida MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahat kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Maslahat kengashi huzuridagi Yoshlar siyosati bo‘yicha ishchi guruh to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi va uning tarkibi shakllantirildi.
O‘z nutqida MSK Raisi Z. Nizamxodjayev: “Maslahat Kengashi huzurida ushbu ishchi guruhning tashkil etilishi MDHga a’zo davlatlarda yoshlarning siyosiy madaniyati va saylov faolligini yanada oshirish, pirovardida yoshlarni jamiyat hayotidagi ijtimoiy–iqtisodiy, siyosiy va saylov sohalariga jalb etish uchun sharoit yaratish bo‘yicha maslahat Kengashi oldida turgan vazifalarni hal etish yo‘lidagi muhim qadamdir” deya ta’kidladi. Maslahat kengashi huzuridagi Ishchi guruh to‘g‘risidagi Nizomda ushbu guruhning tuzilishi, maqsad va vazifalari hamda ish tartibi aniq belgilab berilgan.
Kengashda raislik qilish vakolati Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga o‘tdi.
Forum doirasida O‘zbekiston MSK delegatsiyasi saylov organlari vakillari va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Markaziy saylov komissiyasi