O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 5-6-iyun kunlari Gruziyada bo‘lib o‘tgan Saylovlarni boshqarish organlarining yillik 12-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Mazkur yig‘ilish 2011-yildan buyon Gruziya MSK tashabbusi bilan konferensiya shaklida o‘tkazib kelinayotgan xalqaro forumlarning davomi bo‘lib, saylov jarayonlarini raqamlashtirish sharoitida tajriba almashish, muammolarni muhokama qilish va birgalikdagi yechimlarni ishlab chiqish uchun platforma vazifasini o‘taydi.
Navbatdagi yig‘ilish saylovlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish tajribasi va dezinformatsiyaning saylov jarayonlariga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’siriga bag‘ishlandi. Texnologiyalar rivojlanishda davom etar ekan va dezinformatsiyaning ta’siri kuchayar ekan, saylovlar halolligi va ularga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini himoya qilish uchun bu muammolarni hal qilish har qachongidan ham muhimroq bo‘lib bormoqda.
Tadbirda Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerikaning 25 ta davlatidan saylov organlari, ekspert hamjamiyatining 60 dan ortiq vakillari ishtirok etishdi.
Konferensiya dasturi uchta tematik sessiyadan iborat bo‘ldi.
Birinchi sessiyada saylov sohasida biometrik identifikatsiyadan tortib, elektron ovoz berish va natijalarni chiqarishgacha bo‘lgan texnologiyalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Konferensiya ishtirokchilari ana shunday innovatsion yechimlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha o‘z tajribalari va ularning saylov jarayonlarida samaradorlik, oshkoralik va ishonchni oshirishga ta’siri bilan o‘rtoqlashdi. Sessiyada turli saylov kontekstlarining qiyosiy istiqbollari, olingan saboqlar va kelgusida saylovlarda bunday texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar taqdim qilindi.
Ikkinchi sessiyada zamonaviy saylov jarayonlarida elektron xizmatlarning o‘rni ortib borayotgani, jumladan, saylovchilar faolligini oshirish, elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va saylovni boshqarish tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan raqamli yechimlar muhokama qilindi. Saylovchilarni onlayn ro‘yxatga olish, elektron maslahat platformalari, raqamli shikoyat tizimlari, saylov natijalari portallari va saylovni boshqarish organlari tomonidan taqdim etiladigan AKTga asoslangan boshqa xizmatlar ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar inklyuzivlik, foydalanish imkoniyati va kiberxavfsizlikni ta’minlagan holda ushbu xizmatlarni rejalashtirish, amalga oshirish va kengaytirish bilan bog‘liq tajriba, qiyinchiliklar va muvaffaqiyatlar bilan o‘rtoqlashdilar. Sessiyada, shuningdek, raqamli vositalar saylov jarayonlari shaffofligini ta’minlashi va ularga jamoatchilik ishonchini oshirishi masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Ushbu sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi MSK raisining o‘rinbosari B.Qo‘chqorov O‘zbekistonda saylov boshqaruvini raqamli transformatsiya tajribasi, jumladan, ikkita asosiy platforma – 2017-yildan beri amalda bo‘lgan Saylovni boshqarishning axborot tizimi (SJBAT) va 2024-yilda muvaffaqiyatli joriy etilgan yangi “E-saylov” tizimini joriy etish tajribasini taqdim qildi.
Yakuniy sessiyada dezinformatsiya tahdidining kuchayishi va uning saylov tizimi va institutsional legitimlikka bo‘lgan ishonchga ta’siri muhokama qilindi. Ekspertlar va saylov organlari vakillari axborotni manipulyatsiya qilish tendensiyalari, yolg‘on axborotga qarshi samarali strategiyalar, jumladan, mediasavodxonlik, real vaqt rejimida faktlarni tekshirish, idoralararo muvofiqlashtirish, fuqarolik jamiyati va texnologik platformalar bilan hamkorlikni muhokama qildilar. Jamiyat barqarorligini oshirish va demokratik jarayonlarga ishonchni mustahkamlash borasidagi istiqbolli yondashuvlarga alohida e’tibor qaratildi.
Ana shunday mazmunli muhokamalar tufayli bunday xalqaro anjumanlar saylovlar sohasidagi dolzarb muammolarni chuqur tahlil qilish va aniq yechimlarni ishlab chiqish, shuningdek, demokratik saylov jarayonlarini ilgari suruvchi hamkorlikni davom ettirish maydoniga aylanib bormoqda.
Tadbir davomida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi saylov organlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi, unda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi