O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Gruziyadagi mahalliy saylovlar xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi

06.10.2025

137

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya 2025-yil 4-oktabr kuni Gruziyada bo‘lib o‘tgan navbatdagi mahalliy (munitsipal) saylovlar xalqaro kuzatuvida ishtirok etdi.

 

Saylovchilar jami 64 ta munitsipal kengashlarning 2 058 nafar a’zosini va 64 nafar shahar hokimlarini saylash imkoniga ega bo‘lishdi. Ovoz berish aralash saylov tizimi – proporsional va majoritar tizimlar asosida tashkil etildi.

 

Gruziya Markaziy saylov komissiyasi saylov jarayonida ishtirok etish uchun 28 ta tashkilotdan 81 nafar xalqaro kuzatuvchini akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Saylovlarni kuzatishda 20 ta xorijiy mamlakatlarning saylov organidan 38 nafar vakillari ishtirok etdi. Saylov jarayonini 73 ta OAVning qariyb ming nafar vakili yoritib bordi.

 

3-oktabr kuni Gruziya Markaziy saylov komissiyasida xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda MSK raisi G. Kalandarishvili saylovlarga tayyorgarlik jarayoni hamda bu galgi saylovlarda amalga oshirilgan muhim yangiliklari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u ovoz berish jarayonida elektron texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha batafsil axborotni taqdim etdi.

 

Ma’lum qilinishicha, mamlakat bo‘ylab jami 3 061 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, shularning 2 284 tasida elektron ovoz berish, 767 tasida esa an’anaviy tarzda ovoz berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida alohida tartibda 10 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.

 

 

Saylovlarda ishtirok etish uchun 12 ta siyosiy partiya ro‘yxatdan o‘tdi.

 

G. Kalandarishvili dezinformatsiyaning saylov jarayoniga ta’siri haqida ham ma’lumot berdi hamda ovoz berish jarayonida qo‘llaniladigan texnologiya vositalarining muvofiqligini baholash maqsadida o‘tkazilgan audit natijalari bilan ishtirokchilarni tanishtirib o‘tdi.

 

4-oktabr kuni O‘zbekiston MSK raisi Z. Nizamxodjayev va Komissiya a’zosi A. Farmanov Tbilisi shahridagi bir qator saylov uchastkalarda ovoz berish uchastkalari ochilishi, ovoz berish jarayoni va uning yakunlanishini bevosita kuzatib bordilar. Ovoz berish soat 9:00 dan 19:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘tkazildi.

 

Kuzatuvchilar saylov jarayonining barcha bosqichlarida ishtirok etdilar. MSK doimiy matbuot-brifinglarini o‘tkazdi, OAV xodimlariga saylov uchastkalariga hamda rasmiy ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratildi. Reportajlar, jonli efirlar va onlayn-translyatsiyalar orqali fuqarolar ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonini real vaqtda kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

Gruziya Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy saylovlarda umumiy saylovchilar soni 3 513 818 nafarni tashkil etgan bo‘lib, ularning 1 438 116 nafari (40,9%) saylovda ishtirok etgan.

 

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur