Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 14-iyun kundagi majlisi to‘g‘risida axborot

14.06.2023

8404

msk_yangiliklari_in

2023-yil 14-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan majlisida nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlash, saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, Prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiya qilishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari hamda nogironlar nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi tasdiqlandi shuningdek ushbu trafaretlar bilan har bir saylov uchastkasini taʼminlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashga oid boshqa choralari belgilandi.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasiga joriy yil 6-13-iyun kunlari jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi va ular yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Majlisda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YXHT DIIHBning saylovni kuzatuvchi missiyasi vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 159 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalarining 42 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 554 nafarni tashkil etmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur