Kuni kecha, 25-yanvar kuni Hindistonning Yangi Dehli shahrida Hindiston Milliy saylovchilar bayrami o‘tkazildi. Tantali marosimda MSK Raisi Z.Nizamxodjayev hamda Matbuot kotibi M.Alimbayevlar ishtirok etdi.
Mazkur sana saylovchilarning elektoral madaniyatini yuksaltirish, yoshlarda fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash hamda siyosiy jarayonlardagi ishtirokini inklyuziv tarzda oshirishga qaratilgan milliy bayram hisoblanadi.
Tashrif doirasida MSK Raisi Z.Nizamxodjayev va O‘zbekiston Respublikasining Hindiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi D.Axatovning Hindiston Saylov komissiyasi Raisi Radjiv Kumar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda Z.Nizamxodjayev Milliy saylovchilar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirga taklif etilganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Hindiston saylov komissiyasi o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdagi samarali hamkorlik uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.