YEXHT Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari idorasi vakili bilan uchrashuv to‘g‘risida

01.05.2025

196

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida YEXHTning Milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha Oliy komissari idorasining (MOBK) siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Anuar Ayazbekov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuv davomida A.Ayazbekov Markaziy saylov komissiyasining xalqaro saylov standartlarini amalga oshirish va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi faoliyati bilan bevosita tanishdi. Jumladan, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi bilan konstruktiv hamkorlik alohida qayd etib o‘tildi.

 

MOBK idorasining maslahatchisiga milliy saylov jarayonida teng huquqlilikni ta’minlash masalalari bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etildi. Eng avvalo, O‘zbekistonda fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi, jumladan, ovoz berish va o‘z nomzodini qo‘yish huquqi kafolatlangani va bunda hech qanday kamsitish(ajratish)ga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlandi.

 

               

Barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan. Asosiy Qonunga muvofiq, fuqarolar jamiyat va davlat boshqaruvida bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratiya asosida shakllantirish, shuningdek, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va takomillashtirish orqali amalga oshiriladi.

 

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalarining mantiqiy davomi sifatida mazkur prinsiplar saylov qonunchiligida ham o‘z ifodasini topgan.

 

Jumladan, Saylov kodeksi va “O‘zbekiston Respublikasi referendumi to‘g‘risida”gi Qonunda umumiy saylov huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, ovoz berish kuniga qadar yoki ovoz berish kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarosi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan va o‘tkaziladigan boshqa saylov jarayonlarida ishtirok etish huquqiga ega. Qonun bilan O‘zbekiston fuqarosi ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqei, irqi, millati, jinsi, ma’lumoti, tili, dini, shuningdek, shug‘ullanadigan faoliyati va uning xususiyatidan qat’i nazar, ovoz berish va referendumda ishtirok etish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

 

Uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonini inklyuzivligini ta’minlash, xususan, O‘zbekiston hududida yashovchi barcha millat va elat vakillarining saylovda qatnashish imkoniyatlarini ta’minlash borasidagi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Bu fuqarolarga saylov tashkilotchilari, nomzodlar, saylovchilar, kuzatuvchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari sifatida qatnashish imkoniyatini beradi.

 

 

Ta’kidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan milliy ozchiliklar vakillarining saylov jarayonida ishtirokini aks ettiruvchi indikatorlar ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan. 2024-yildagi saylov kampaniyasi misolida ushbu indikatorlar bo‘yicha tahliliy ma’lumot taqdim etildi.

 

O‘z navbatida, A.Ayazbekov taqdim etilgan boy va mazmunli ma’lumotlardan mamnunligini bildirdi. U uchrashuvning natijadorligi uchun minnatdorlik izhor etib, Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonida teng huquqlilikni ta’minlash borasidagi faoliyatiga ijobiy baho berdi.

 

Uchrashuv konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasining

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur