Mamlakatimizda joriy yil 24-oktyabrda boʻlib oʻtadigan Prezident sayloviga ham sanoqli kunlar qoldi. Saylov ochiq-oshkora, demokratiya tamoyillari asosida oʻtishida ommaviy axborot vositalarining oʻrni katta. Ana shu jihatlar eʼtiborga olinib, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bugungi kungacha 1419 nafar mahalliy va 146 nafar xorijlik jurnalistlar akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Shunisi quvonarliki, bu galgi saylovlarni yoritishda jurnalistlarning faolligi va qiziqishi kuchaygani yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Ular saylovga tayyorgarlik va saylovoldi tashviqot kampaniyasi bilan bogʻliq jarayonlarni yoritishda faollik koʻrsatmoqda.
Sir emaski, saylov yaqinlashgani sari aholining axborot va yangiliklarga qiziqishi yanada kuchayadi. Bu boradagi ehtiyojni toʻliq taʼminlash uchun, oʻz navbatida, OAVning faolligi ham ortib boraveradi. Jurnalistlarning MSK matbuot xizmatiga savol va murojaatlari faollashgani ham hamkasblarimizning yurtimizda kechayotgan jarayonlarga daxldorlik hissi va oʻz ishini milliy qonunchilik, xalqaro andozalarga mos darajada tashkil etishga boʻlgan intilishi, deya baholash mumkin. Ushbu maqolamizda eng koʻp berilayotgan savollarning baʼzilariga javob berishni lozim topdik.
Akkreditatsiyadan oʻtgan OAV vakilining huquq va majburiyatlari qanday?
Aytish kerakki, OAV vakillari vakolat muddati unga akkreditatsiyadan oʻtgani toʻgʻrisidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman eʼlon qilingan kuni tugaydi. Saylov kodeksining 35-moddasiga binoan, OAV vakili saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov komissiyalari majlislarida, nomzodlar koʻrsatishga bagʻishlangan yigʻilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish huquqiga ega. Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berishni oʻtkazish vaqti va joyi haqida xabardor boʻlish hamda ushbu jarayonni kuzatish, saylov kuni saylov uchastkalarida, shu jumladan, ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishi va saylov natijalarini aniqlashda hozir boʻlishi ham mumkin.
OAV vakillariga saylovchilarga taʼsir oʻtkazish, qonunga xilof ravishda tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish, saylovchi saylov byulleteniga oʻz belgisini qoʻyayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida boʻlish man etiladi. Saylovchilardan ular kimni yoqlab ovoz berganini surishtirish yoki saylovchilarga byulletenga belgi qoʻyishda yordam koʻrsatish, uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga, shu jumladan, saylov qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish hamda saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalari, saylov natijalari prognozlari, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
OAV vakili Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga va saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom qoidalariga rioya etmagan taqdirda Markaziy saylov komissiyasi uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatishi mumkin.
Akkreditatsiyadan oʻtmagan OAV vakillari faoliyati boʻyicha shuni maʼlum qilamizki, ular internet saytlarda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanishda tahririyatning yozma roziligini olishi lozim. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilingan materiallardan foydalanganda manbani koʻrsatishi shart. Bunda rasmiy eʼlon qilingan xabar va video kontekstidan bir qismini, yaʼni, matndagi jumlaning asosiy maʼnosini oʻzgartirib yuboruvchi xabar tarqatish tavsiya etilmaydi.
Jurnalistlarni qiziqtirayotgan yana bir savol saylov yakuniga yetgach, ovozlarni bevosita hisoblash vaqtida jurnalistlarning qatnashishi, ovoz berish jarayonidan foto, video tasvirga olish, zaruratga qarab onlayn translyatsiya qilishga ruxsat bor-yoʻqligi bilan bogʻliq.
Saylov kodeksining 33-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasining Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomiga muvofiq, OAV vakillari saylov kuni saylov uchastkalarida boʻlish, ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini aniqlashda ishtirok etish huquqiga ega. Albatta, bunda saylov jarayoni va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish mumkin. Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalari bundan mustasno ekanini yodda tutish lozim.
Foto va video tasvirga olish jarayoni ovoz berishning yashirinligini buzmasligi va saylovchilar xohish-irodasini nazorat qilish imkonini bermasligi shart. Shuning uchun byulleten toʻldirishga moʻljallangan joylarda yashirin ovoz berish kabinasida foto yoki video tasvirga olish taqiqlanadi.
Foto yoki video tasvirga olish uchun OAV vakili uchastka saylov komissiyasi aʼzolarini, saylovchilarni va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilarini xabardor qilishi lozim. Foto va video suratga olish saylov jarayoni ishtirokchilarining konstitutsion huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmagan holda amalga oshirilishi kerak.
Akkreditatsiyadan oʻtgan OAV vakillari saylovga oid tadbirlar boʻlib oʻtadigan binolarga tashrif buyurganida unga berilgan guvohnoma hamda oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi shart. Ovoz berish kuni saylov uchastkasiga tashrif buyurgan OAV vakili oʻz faoliyatini boshlashdan oldin saylov komissiyalari talabiga muvofiq guvohnomasini koʻrsatishi kerak. Turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmasligi uchun jurnalist uchastka saylov komissiyasi raisini foto va videotasvirlardan foydalangan holda material tayyorlashi kerakligi haqida xabardor etib qoʻyishi lozim boʻladi.
Shunda ham tushunmovchilik holati yuz beradigan boʻlsa, jurnalist Markaziy saylov komissiyasining “1200” qisqa raqamli Call-markaziga qoʻngʻiroq qilishi mumkin. Mazkur markaz saylovlar davrida jamoatchilik va saylovchilarga tezkor huquqiy axborot berish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazida oʻz faoliyatini olib boradi.
“Call-markaz”ga kelib tushadigan murojaatlarga MSK, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Milliy gvardiya instituti va IIV akademiyasi vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan ekspertlar guruhi tomonidan javob qaytariladi.
Yana bir muhim masala saylov davrida soxta yangiliklarni qanday aniqlash bilan bogʻliq. Bu xususda shuni aytish lozimki, foto feyklarni internet tarmogʻi orqali aniqlash oson. Agar siz Google Chrome brauzeridan foydalansangiz, rasmning ustiga sichqoncha koʻrsatkichini olib keling va oʻng tugmachasini bosing. Shunda “Suratni Google dan top” punkti kelib chiqadi. Feyk yangiliklarning sarlavhasi asosan jalb qiluvchi boʻladi. Boshqa rasmlar orasidan asl nusxadagi suratni aniqlash qiyin yemas. U odatda sifatli va oʻlchami kattaroq boʻladi. Asl fotosurat qachon va qayerda birinchi marta eʼlon qilingani koʻrsatiladi.
Muallifning xabar yoki maqolasini oʻqiyotganda manbasiga eʼtibor qarating. Chunki ayrim saytlar reklama uchun kiruvchilar sonini koʻpaytirish maqsadida feyk yangiliklar tarqatadi.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimiz qonunchiligida ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkin va qonunga muvofiq amalga oshirishi uchun zamonaviy huquqiy asoslar yaratilgan. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovni oʻtkazishda umumeʼtirof etilgan mezonlar va xalqaro standartlarga mos ravishda ochiqlik, oshkoralik taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratilayotir. Bundan tashqari, MSK tomonidan qator axborot resurslari orqali saylovga oid har bir yangilik va axborotlar bilan tezroq tanishish, fikr almashish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ishonchimiz komilki, ommaviy axborot vositalari bu boradagi zamonaviy imkoniyatlardan oqilona foydalanib, Prezident saylovini demokratiya va umuminsoniy prinsiplar asosida oʻtishiga munosib ulush qoʻshadi.
Jaloliddin USMONOV,
Markaziy saylov komissiyasi matbuot kotibi
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining
2021-yil 19-oktyabr kungi 207-soni