Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʻrinbosari Mahmud ISTAMOV bilan suhbat.
- Saylov oʻtkazishning asosiy prinsiplaridan biri ochiqlik va oshkoralikning taʼminlanishi bilan bogʻliq. Bu yilgi saylovlarda mazkur tamoyil qanday taʼminlanadi?
- 2019-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga boʻladigan saylovlar avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Chunki, davlatimizning ichki va tashqi siyosatida naqadar ulkan ijobiy oʻzgarishlar va yuksalishlar roʻy berayotganini, nafaqat xalqimiz, balki olam ahli ham koʻrib, hayrat va havas bilan kuzatib, xayrixoh boʻlib turibdi. Mamlakatimiz, xalqimiz, jamiyatimiz, odamlarning ong-u tafakkuri oʻzgarmoqda. Bundan uch-toʻrt oldingi Oʻzbekiston bilan bugungi oʻzbek diyorini tenglashtirish qiyin. Mamlakatimiz fuqarolarining siyosiy ongi va madaniyati oʻsib borayotgani, jamiyatda demokratiya, ochiqlik va oshkoralik taʼminlanayotgani boʻlib oʻtadigan saylovlarda yana bir bor namoyon boʻlishi shubhasiz.
Bundan tashqari, joriy yilgi saylovlar yangi qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida oʻtkaziladi. Ushbu hujjatda saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora oʻtkazishga xizmat qiladigan oʻttizdan ortiq yangi normalar va qoidalar joy olgani, ilgari amalda boʻlgan koʻplab cheklovlar chiqarib tashlangani mamlakatimizda saylovlar sohasidagi islohotlar berayotgan yuksak samaralardandir. Shunisi eʼtiborga molikki, saylov qonunchiligini takomillashtirish saylov amaliyotidan kelib chiqqan holda amalga oshirildi, oʻz navbatida, endi saylov qonunchiligi ham saylov amaliyotining rivojlanishida katta omil boʻlmoqda.
Endigi saylovlardagi har bir ovoz eʼtiborga olinadi va har bir fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi. Saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng taʼminlanadi. Bu — uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi saylov komissiyalari oʻz ishini yuksak masʼuliyat va eng yuksak demokratik prinsiplar asosida amalga oshirishida oʻz ifodasini topadi. Dekabrda boʻlib oʻtadigan saylovlarga “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar” degan hayotiy soʻzlar shior sifatida tanlangani bejiz emas. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimiz siyosiy tizimini yanada demokratlashtirish va siyosiy modernizatsiya jarayonini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
- Xalqaro kuzatuvchilar avvalgi saylovlardagidan koʻra koʻproq boʻlishi, xususan YXHT vakillari saylovga tayyorgarlikdan to ovoz berishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni kuzatishi aytilmoqda. Bu qanchalik asosli va amalda qanday natijalar beradi?
- Saylovlarning xalqaro kuzatuvi — dunyoda tan olingan amaliyot. Chunki xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtiroki demokratik saylovlarni ochiq va oshkora oʻtkazishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Ayni shu maqsadda Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosiga (YXHT/DIIHB) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlikning borishini baholash uchun taklifnoma yuborilgan edi.
Ehtiyojlarni baholash boʻyicha missiya (EBM) saylovoldi muhiti va ularga tayyorgarlik jarayonini, mamlakatimizda erkin va demokratik saylovlar oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. YEXHT Doimiy Kengashi tomonidan mamlakatimizda joriy yilda boʻlib oʻtadigan saylovlarga toʻlaqonli kuzatuv missiyasini yuborishni maqsadga muvofiq deb topildi.
Saylov kodeksining qabul qilinishi va uning YXHT/DIIHB va Venetsiya Komissiyasi ekspertizasidan oʻtkazilgani toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda. EBM tomonidan taqdim etilgan hisobotda muhim ijobiy oʻzgarishlar sanab oʻtilgan. Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining aholini boʻlajak saylovlar borasida keng xabardor qilish rejalari, okrug va uchastka saylov komissiyalarining aʼzolarini saylovlarni oʻtkazishning barcha jihatlari boʻyicha sifatli oʻqitishga yoʻnaltirilgan kaskad uslubidagi treninglarni butun mamlakat boʻylab tashkil etish, “oilaviy ovoz berishlar”ning oldini olish boʻyicha tizimli ish olib borish, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini amaliyotga joriy etish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratish shular jumlasidandir.
- Yaqinda Siz Turkiyaning Anqara shahrida “Saylovlarni oʻtkazishda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish: Ochiqlik va audit imkoniyatlari” mavzusidagi xalqaro simpoziumda ishtirok etdingiz. Mazkur yoʻnalishdagi qaysi ilgʻor tajribani mamlakatimiz saylov tizimiga joriy etish zarur, deb oʻylaysiz?
- Bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib bormagan sohaning oʻzi qolmadi. Saylov tizimi ham bundan mustasno emas. Elektron tizimning saylov jarayonlarida qoʻllanishi nafaqat saylov tashkilotchilari ishini osonlashtiradi, balki saylovlarning shaffofligini yanada kengroq taʼminlanishga xizmat qiladi.
Bu borada mamlakatimizda muayyan yutuqlarga erishilayotirki, buni joriy yilda Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini (SYAER) shakllantirish ishlari jadal davom etayotganidan ham bilsa boʻladi. Ushbu tizim ilk bor 2017-yilda dekabr oyida Toshkent shahar Xalq deputatlari tuman kengashlariga saylov davomida sinovdan oʻtkazildi. Tizimning sinov jarayonda yuzaga kelgan ayrim kamchiliklarini bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2018-yildagi “Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan hozir tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda SYAERni toʻla shakllantirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
SYAER asosida Saylov jarayonini boshqarish boʻyicha axborot tizimi (SJBAT) shakllantirildi. U oʻz ichiga bir qancha vazifalarni oladi va fuqarolarni saylov uchastka komissiyalariga taqsimlash, saylovchini oʻzi yashab turgan joyga aloqador uchastka haqida maʼlumot olish hamda okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini osonlashtirish imkoniyatini beradi. Saylov kuni ovoz berish uchun kelgan yurtdoshlarimiz SJBAT operatorlariga murojaat qiladi va saylov byulletenini olib, ovoz berish kabinasida oʻz nomzodini qoʻllab-quvvatlaydi. Natijada bir vaqtning oʻzida, saylovda ishtirok etganlarning toʻliq roʻyxati avtomat tarzda shakllantiriladi. Bu bir shaxsning bir necha marotaba ovoz berishi yoki bir kishining butun oila aʼzolari uchun ovoz berishining oldini olish imkonini beradi.
Shuni bilan birga, Markaziy saylov komissiyasining saylov jarayonlaridagi faoliyatini osonlashtirish va qoʻshimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida, “Saylov-2019” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Undan saylovga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari faollari haqida maʼlumotlar, saylovchilar, komissiya aʼzolari, siyosiy partiyalar va nomzodlar hamda kuzatuvchilar uchun uslubiy tavsiyalar, saylov faollarining bilimini oshirishga doir oʻquv materiallari, kitoblar va maqolalar, saylov mavzusi boʻyicha savol-javoblar oʻrin oladi. Shuningdek, saylovchilarga oʻz saylov uchastkasini topishida koʻmaklashish uchun maxsus havola ham joylashtiriladi.
Anqarada 15-17-sentyabr kunlari oʻtgan xalqaro simpozium haqida gap ketar ekan, bir gapni alohida taʼkidlashim darkor. Turli davlatlardan kelgan hamkasblarimiz bilan uchrashuvlarimiz chogʻida yaqqol ayon boʻldiki, xorijda Oʻzbekistonga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlarga, shu yil boʻladigan saylovlarga qiziqish gʻoyat katta. Kim bilan suhbatlashmang, yurtimizga kelib, ilgʻor demokratik standartlar asosida oʻtajak saylovlarimizni kuzatish va Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish ishtiyoqi borligini sezib turdik.
- Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, ayrim yurtdoshlarimizda saylovlarga nisbatan ishonchsizlik borligiga guvoh boʻlasiz. Baʼzilar saylov haqqoniy va adolatli oʻtmasligini, baʼzilar siyosiy partiyalar faqat saylov oldidan paydo boʻlib, vaʼdalar berishini, soʻng bergan vaʼdalarini amalda bajarmasligini oshkora tanqid qilmoqda... Bunday fikrlarga qanday javob bergan boʻlardingiz?
– Javobim aniq: odamlarimiz oʻtmishdagi saylovlardan qolgan bunday shubha-gumonlarni dilidan butunlay chiqarib tashlaydigan payt keldi. Nega?
Avvalo, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida, xususan, elektron nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimizning oʻz fikrlarini ochiq-oshkora, dadil aytayotganining oʻzi juda quvonarli. Ayni paytda bu — saylovlarimizning demokratiya tamoyillariga asosida, halol va adolatli oʻtishining oʻziga xos kafolati, jamoatchilik nazoratining oʻziga xos shakli hamdir. Qayerdaki jamoatchilik nazorat kuchli boʻlsa, oʻsha yerda odamlarda ishonchsizlik, shubha-gumon uygʻotadigan qallobliklarning oldi olinadi. Jumladan, saylovlar jarayonida ham. Oʻzbekistonda tobora mustahkam qaror topib borayotgan soʻz va matbuot erkinligi, ommaviy axborot vositalaridagi, ijtimoiy tarmoqlardagi keskin jonlanish, yuqorida taʼkidlaganimizdek, mamlakatimizning zamonaviy demokratik davlat sifatida dunyoga dadil boʻy koʻrsatayotganining yorqin dalilidir.
Shularning oʻzi saylovlarning umumetirof etgan demokratik tamoyillar asosida oʻtishiga xizmat qiladigan muhim omil emasmi? Bir hol aniq: bu galgi saylov kampaniyasida bahs, raqobat har qachongidan kuchli va qiziqarli boʻladi. Eʼtibor bering, bitta deputatlik mandati uchun beshta siyosiy partiyaning nomzodlari bahsga kirishadi. Har bir siyosiy partiya har bir saylov uchastkasiga saylov kuni bir nafardan oʻz kuzatuvchisini qoʻysa, buning ustiga, u yerda mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, nomzodlarning ishonchli vakillari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, xorijlik va mahalliy jurnalistlar-u blogerlar ham hozir boʻlsa, ularning barchasi (kamida yetti sakkiz kishi!) ovoz berish jarayonini boshdan-oxir sinchkovlik bilan kuzatib borsa, saylovlarning natijalarini soxtalashtirishning imkoni qolarmikin? Yoʻq, qolmaydi! Bunday ochiq-oshkoralik, shaffoflik, keng koʻlamli kuzatuv mamlakatimizda oʻtkazilgan ilgarigi saylovlarda kuzatilmagan hol.
Qaysi partiya, qaysi nomzod oʻz saylovoldi dasturlarida elektoratning dard-u tashvishlarini, orzu-niyatlari, qiziqishlarini koʻproq ifodalasa, saylovchilar oʻshani qoʻllab-quvvatlaydi. Oʻsha partiyaning nomzodi deputatlik martabasiga musharraf boʻladi. Bu – ham qonuniy, ham tabiiy.
Demokratik plyuralizm sharoitida xalqimizga xos bagʻrikenglik va olijanoblik, mehr-oqibat, izzat-hurmat, yuksak siyosiy-huquqiy madaniyat ham keng namoyon boʻlishiga shubha yoʻq. Saylov kampaniyasi davrida partiyalar va nomzodlar oʻzaro raqobatga va baxsga kirishish asnosida ana shu qadimiy anʼanalarimizni, fazilatlarimizni unutmasliklari kerak. Baʼzi mamlakatlarda boʻlgani kabi, bir-birini yomon otliq qilishga, bir-birining ustiga magʻzava agʻdarish, na demokratiya tamoyillariga, na odob-axloq normalariga va na inson maʼnaviyatiga toʻgʻri keladi.
Yana bir haqiqat shundaki, saylovlarning koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos oʻtishi – koʻp jihatdan siyosiy partiyalarning ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik koʻrishi hamda chuqur oʻylangan yangi gʻoya va maqsadlar, dasturlar bilan faol ishtirok etishiga bogʻliq. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “qaysi partiyaga mansubligidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni birlashtiradigan yagona va mushtarak maqsad – bu jonajon Oʻzbekistonimiz, uning buyuk kelajagidir. Ayni shu maqsad hammamizni ona yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilishga daʼvat etadi”.
OʻzA muxbiri Norgul ABDURAIMOVA suhbatlashdi.