Yana sanoqli kunlardan keyin aziz Vatanimiz — Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30-yilligi keng nishonlanadi. Ushbu tarixiy sanaga “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida qizgʻin tayyorgarlik koʻrayotgan xalqimiz istiqlol bayramini barcha sohada ulkan muvaffaqiyatlar bilan kutib olmoqda.
Ayni paytda yana bir katta siyosiy tadbir — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadigan kun — 24-oktyabr sanasi ham tobora yaqinlashmoqda.
Masʼuliyatli palla
Qayd etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha barcha ishlar Saylov kodeksiga qatʼiy amal qilingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha kalendar rejasiga muvofiq tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Taʼkidlanganidek, Prezident saylovi yuksak siyosiy tafakkur mahsuli — mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida oʻz ifodasini topgan ilgʻor demokratik gʻoyalarning roʻyobi, Oʻzbekistonning yuksak taraqqiyotiga xalq bildiradigan komil ishonchning amaldagi yana bir yorqin ifodasi boʻladi.
Markaziy saylov komissiyasining shu yil 14-avgust kuni videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan navbatdagi kengaytirilgan majlisida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, shuningdek, okrug saylov komissiyalari tarkibiga nomzod sifatida tavsiya etilgan rais, rais oʻrinbosari, kotib va aʼzolar hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining kotibiyatlari rahbarlari ham qatnashdi.
Komissiyamizning 9-avgust kuni boʻlib oʻtgan majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzishga doir masala koʻrib chiqilgan va oʻn toʻrtta saylov okrugini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi. Bu boradagi zarur maʼlumotlar, jumladan, qaror Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida hamda markaziy nashrlarda, xususan “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida eʼlon qilindi.
Shundan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar muhokama qilindi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etildi.
Saylov kodeksiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va komissiyaning sakkiz nafardan — oʻn sakkiz nafarga qadar boshqa aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
Saylov qonunchiligiga koʻra, yigirma bir yoshga toʻlgan, oʻrta yoki oliy maʼlumotga, shuningdek, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan fuqarolar okrug saylov komissiyasining aʼzolari boʻlishi mumkin.
Ayni paytda boshqa saylov komissiyalarining hamda siyosiy partiyalarning aʼzolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek, nomzodlarga bevosita boʻysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emasligi belgilangan.
Markaziy saylov komissiyasining majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha oʻn toʻrtta okrug saylov komissiyasining shaxsiy tarkibiga tavsiya etilgan nomzodlar koʻrib chiqildi va tasdiqlandi.
Tahlilchilar fikri
Tasdiqlangan okrug saylov komissiyalari aʼzolari haqida gap ketganda, baʼzi raqamlarga eʼtibor qaratish toʻgʻri boʻladi, deb oʻylayman: okrug saylov komissiyalari aʼzolarining umumiy soni 266 nafar, shundan 104 nafari (39 foizi) xotin-qizlar. Aʼzolarning 150 nafari (56 foizi) avvalgi saylovlarda qatnashgan.
Aʼzolar safi: pedagoglar — 90 nafar (34 foiz), iqtisodchilar — 41 nafar (15 foiz), huquqshunoslar — 32 nafar (12 foiz), muhandislar — 26 nafar (10 foiz), shifokorlar — 21 nafar (8 foiz), jurnalistlar — 11 nafar (4 foiz).
Bu yilgi Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibida navqiron avlod vakillari har qachongidan koʻra koʻp: 31 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar 23 nafar (9 foiz) boʻlsa, 41 yoshgacha boʻlganlar esa 77 nafar (28 foiz)ni tashkil etdi.
Bu — mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ular oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratish borasida koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaldagi yana bir ifodasidir.
Ekspertlar yana bir raqamga alohida eʼtibor qaratmoqdalar. 2019-yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazgan okrug saylov komissiyalari tarkibida nogironligi bor ijtimoiy faol fuqarolar 3,5 foizni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilda boʻladigan Prezident saylovida bu raqam besh foizga yetgan.
Tahlilchilar fikricha, bu, eng avvalo, mamlakatimiz fuqarolarining, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari toʻla shakllantirilgani bilan bogʻliq.
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun joriy yilning 15-yanvaridan kuchga kiritilishi bunga yaqqol misoldir.
Ushbu muhim qonun hujjatlari mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning qoʻshimcha kafolatlarini yaratish, qonunchilikni yanada takomillashtirish, nogironligi borlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, jamiyat va davlat qurilishi ishlarida ular uchun teng va keng imkoniyatlarni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati, Oʻzbekiston Koʻzi ojizlar jamiyati, Oʻzbekiston Karlar jamiyati va Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi oʻrtasida imzolagan hamkorlik kelishuvi ham Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarida imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylovga oid huquqlarini keng taʼminlashga xizmat qilayotir.
Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibida mamlakatimizda istiqomat qilayotgan deyarli barcha millat vakillari borligini ham alohida taʼkidlamoqchiman.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 14-aprelda tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga binoan, davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar okrug saylov komissiyalariga saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan binolar, majlis zallari, xonalar hamda asbob-uskunalarni bepul berib turishi shart.
Okrug saylov komissiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan kamida sakkizta xonadan iborat va tegishli tartibda jihozlangan bino bilan, shuningdek, transport, aloqa vositalari va yuqori tezlikda ishlaydigan internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati bilan taʼminlanadi. Okrug saylov komissiyalari huzurida Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazining hududiy boʻlimlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bularning barchasi okrug saylov komissiyalari oʻz ishini milliy saylov qonunchiligi talablari, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyiliga toʻla amal qilgan holda olib borishiga xizmat qiladi.
Ulkan sharaf va yuksak ishonch
Okrug saylov komissiyalari tarkibiga fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, nogironlar tashkilotlarining obroʻli vakillari, taniqli jurnalistlar, olimlar, ijodkor ziyolilar ham keng jalb qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi tarkibidan joy olish ulkan sharaf va yuksak ishonchdir.
Ayni paytda, bu ishonchning zamirida katta masʼuliyat ham mujassam ekanligi ayon. Zero, bu yilgi Prezident saylovi birinchi marta Saylov kodeksi asosida, yangicha sharoitda, demokratik tamoyillarga toʻla amal qilingan holda oʻtishini saylov komissiyalarining har bir aʼzosi chuqur his qilishi zarur. Bu har bir saylov tashkilotchisidan nafaqat chuqur bilim, ishchanlik, balki fidoyilik va sadoqat ham talab qiladi.
Jamoatchilikning obroʻ-eʼtiborli vakillari sifatida eʼtirof etilgan barcha darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari va aʼzolari ana shunday yuksak talablardan kelib chiqib ish yuritadi hamda saylovchilar va xalqimiz oldida hammamizning yuzimiz yorugʻ boʻladi, deb ishonamiz.
Imzo toʻplash. Buning ahamiyati nimada?
Shu kunlarda siyosiy partiyalarning faollari va tarafdorlari saylovchilarning imzolarini toʻplashga jadal kirishdi. Bu jarayonning ahamiyati nimada?
Maʼlumki, Saylov kodeksiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatish huquqiga faqat siyosiy partiyalar ega.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar shu yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Prezident saylovida qatnashishga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborganidan jamoatchilikning yaxshi xabari bor.
Markaziy saylov komissiyasining majlisida siyosiy partiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisidagi murojaatlari koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining vakolatli vakillariga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari berildi.
Saylov kodeksida bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, “Imzolarni toʻplash tartibi” deb atalgan alohida modda kiritilgan.
Markaziy saylov komissiyasi shu yil 14-aprelda tasdiqlagan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzolarni toʻplash va imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga binoan, saylovda qatnashishiga ijozat beriladigan siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlab, Oʻzbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosini toʻplashi kerak. Bu, har bir siyosiy partiya kamida 210 ming saylovchining imzosini toʻplashi zarur, demakdir.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar toʻplagan imzolar tekshirilib, haqqoniyligiga ishonch hosil qilingandan keyingina ularga saylovda ishtirok etishga ijozat beriladi.
Bitta maʼmuriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) siyosiy partiya tegishincha imzolar umumiy sonining koʻpi bilan sakkiz foizini toʻplashi mumkin.
Saylov kodeksining 38-moddasida qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha siyosiy partiya oʻzining vakolatli vakili roʻyxatga olinganlik guvohnomasini olganidan keyingina saylovchilarning imzosini toʻplashga haqli. Bu sanaga qadar toʻplangan imzolar hisobga olinmaydi.
Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishga haqli. Bunda saylovchi oʻz familiyasini, ismini, otasining ismini, tugʻilgan yilini (yoshi oʻn sakkizda boʻlsa, qoʻshimcha ravishda tugʻilgan kuni va oyini), yashash joyi manzilini, pasportining yoki identifikatsiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini, shuningdek, imzo qoʻyilgan sanani koʻrsatadi. Mazkur maʼlumotlar qoʻlda yozib kiritiladi. Imzo varaqasiga oʻz imzosini qoʻyadigan saylovchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saylovchining iltimosiga koʻra imzo toʻplashni amalga oshirayotgan shaxs tomonidan kiritilishi mumkin.
Saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qoʻllab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan teng nisbatda tanlab olinishi, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilishi, belgilangan tartibda va muddatda Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilishi zarur.
Saylovchilarning imzosini toʻplash ish, xizmat, oʻqish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek, tashviqot yuritish va imzo toʻplash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo toʻplayotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va oʻziga ogʻdirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
Kezi kelganda qayd etish zarur, mamlakatimizning Saylov kodeksida oʻz ifodasini topgan saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishga haqli, degan qoida elektoratning tanlash imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladigan ilgʻor demokratik yangilik sifatida xalqaro tashkilotlar tomonidan ham alohida eʼtirof etilgan. Jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining shu haqdagi xulosasida shunday satrlar bor: “38-modda saylovchiga saylovlarda ishtirok etadigan bir nechta partiyani oʻz imzosi bilan qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi. Oʻzbekistonning saylov qonunchiligidagi bu oʻzgarish fikrlar rang-barangligi va partiyalararo raqobatning rivojlanishida muhim omil boʻladi”.
Samimiy intilish mohiyati
Komissiya majlisida saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazishga doir masala ham koʻrib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Saylov davrida jurnalistlar oʻz faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish izchil davom ettirilmoqda.
Komissiyamizning 9-avgust kuni boʻlib oʻtgan avvalgi majlisida ommaviy axborot vositalarining besh yuzdan ziyod vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazilgan edi. Endi ularning soni yana qariyb ikki yuz nafarga koʻpaydi va jami yetti yuz nafardan oshdi.
Ushbu raqamlar zamirida ommaviy axborot vositalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bilan bogʻliq jarayonlarni keng va xolis yoritishga boʻlgan samimiy intilish mujassamdir. Bunday intilish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotganini alohida taʼkidlamoqchiman.
Markaziy saylov komissiyasi bilan mamlakatimizdagi yetakchi ommaviy axborot vositalari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini yoritish boʻyicha oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolangani bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maʼlumki, Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi — OʻzA, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Zoʻr TV” teleradiokompaniyasi, “UzReport” axborot agentligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va oʻtkazilishini yoritish boʻyicha ikki tomonlama memorandumlar imzolangan edi.
Markaziy saylov komissiyasining mazkur yoʻnalishdagi hamkorlari orasida nodavlat ommaviy axborot vositalari ham tobora koʻpaymoqda. Akkreditatsiyadan oʻtkazishni soʻrab murojaat qilganlarning yarmidan ziyodi nodavlat va xususiy ommaviy axborot vositalariga mansub. Birgina “Kun.uz” internet nashridan oʻttizga yaqin vakil akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Besh-olti yil ilgari bunday bagʻrikenglikni tasavvur ham qilib boʻlmasdi.
Yaqinda “Ijtimoiy fikr” nodavlat jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi oʻtkazgan soʻrovlar natijasida saylovchilar Prezident sayloviga doir yangiliklar va axborotlarni koʻproq qaysi manbalardan olishi maʼlum boʻldi.
Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, axborotning eng talabgir manbasi —Oʻzbekiston davlat televideniyesi. Soʻrov ishtirokchilarining 68,9 foizi saylovga tayyorgarlikning borishi haqidagi axborotlarni, asosan, televideniyedan oladi. Bu borada internet ikkinchi oʻrinni (33,5 foiz) egalladi. 25 foiz respondentlar uchun nodavlat televideniye kanallari axborotning asosiy manbasi hisoblanadi.
Ochiq muloqot
Markaziy saylov komissiyasining Toshkentdagi Simpoziumlar saroyi binosida jadal ish boshlagan Matbuot markazida yuqori malakali jurnalistlar, huquqshunoslar, tarjimonlar, ekspertlar va boshqa mutaxassislardan iborat ixtisoslashgan guruhlar faoliyat olib bormoqda. Saylov kampaniyasi boshlanganidan buyon oʻtgan qisqa vaqt ichida bu yerda oʻttizga yaqin muhim tadbirlar oʻtkazildi. Markaziy saylov komissiyasi rahbarlari, saylovlar boʻyicha yetakchi ekspertlar va olimlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarining katta qiziqish uygʻotgan birinchi ochiq va yuzma-yuz muloqoti shular jumlasidandir.
Jurnalistlar uni “birinchi” va “ochiq” deb ataganining boisi shundaki, uchrashuvda, odatdagi brifing yoki matbuot anjumanlarida boʻlgani kabi muayyan bir mavzu atrofida cheklanilmasdan, koʻlam ancha keng olindi. Oʻnlab blogerlar, mustaqil jurnalistlar, jumladan, xorijiy jurnalistlar ham qatnashgan tadbirda ishtirokchilar nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlar, balki milliy saylov tizimiga oid istagan savolini berdi.
“Galstuksiz uchrashuv” deb nomlangan va bir soatga moʻljallangan muloqot uch soatdan ortiq davom etdi. Qizgʻin savol-javob, bahs-munozaraga aylanib ketgan tadbirda mavjud muammolar va kamchiliklar ham roʻy-rost aytildi. Talay amaliy takliflar oʻrtaga tashlandi.
Saylovni yoritadigan ommaviy axborot vositalarining vakillari uchun Prezident saylovining ahamiyati, oʻziga xos tomonlari, milliy saylov qonunchiligi va unga kiritilgan soʻnggi oʻzgartish va qoʻshimchalar, xalqaro saylov standartlarining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan seminar-treninglar tashkil etish taklifi shular jumlasidandir.
Jurnalistlarning bu taklifi komissiyamiz tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Kuni kecha Matbuot markazida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining bir guruh xodimlari uchun ana shunda qiziqarli mashgʻulotlar boshlandi.
Sirasini aytganda, saylov jarayonlarini yoritishda jurnalistlarga koʻmak berishga qaratilgan bunday oʻquvlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Markaziy saylov komissiyasi bilan BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha ham shu masalaga qaratilgan. Loyiha doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari, ayniqsa, hududiy jurnalistlarga asosiy eʼtibor qaratgani holda, “Saylov jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida samarali yoritish” mavzusida turkum onlayn seminar-treninglar tashkil etildi. Bugungi kungacha deyarli barcha hududdagi jurnalistlar milliy va xalqaro trenerlar tomonidan olib borilgan ana shunday mashgʻulotlarda oʻz bilimini oshirdi.
Xalqaro ekspertlar tomonidan oʻtkazilgan treninglar davomida saylov kampaniyasi davrida saylov komissiyalari matbuot xizmatlarining roli, jamoatchilik bilan aloqalar hamda ilgʻor xalqaro tajribani qoʻllash amaliyoti kabi mavzular yuzasidan munozaralarda jurnalistlar faol ishtirok etdi.
Sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan bunday saʼy-harakatlar mamlakatimizda tobora mustahkam qaror topayotgan ochiqlik va oshkoralik, demokratik tamoyillar samarasida fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati muttasil yuksalib, odamlarimizning, ayniqsa, yoshlarimizning ertangi kunga ishonchi, saylov jarayonlariga qiziqishi oshayotgani, Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusi mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
Xalq manfaatlari, huquq va erkinliklarini taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilangan mamlakatimizning milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan bunday keng koʻlamli va izchil ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezident saylovini milliy saylov qonunchiligi va xalqaro tamoyillarga tayanib, yuksak demokratik saviyada, uyushqoqlik bilan oʻtkazishga xizmat qiladi.
Zayniddin NIZOMXOʻJAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy
saylov komissiyasi Raisi,
Oʻzbekiston Qahramoni.
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi,
2021-yil 17-avgust.