Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

MILLIY G‘URUR, YUKSAK SHARAF VA QADR AYYOMI

02.02.2023

2031

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi atrofida birlashib, yuksak maqsad — demokratik va erkin yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli va jadal islohotlarni xalqimiz har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda. Bu — nafaqat milliy, balki xorijiy mamlakatlarning nufuzli davlat va siyosat arboblari, atoqli olimlari, ekspertlari hamda mutaxassislari tomonidan ham keng eʼtirof etilgan yorqin haqiqatdir.

 

21-oktyabr — Oʻzbek tili bayrami kuni

 

Islohotlar jarayonida barcha tashkilot va idoralarda davlat tilining nufuzini muttasil oshirib borishga doimiy eʼtibor qaratilayotgani eʼtirofga molikdir.

 

Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtibori izchil yuksalib bormoqda. Uning unib-oʻsib kelayotgan avlodni Vatanga, milliy anʼanalarimiz va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi oʻrni va ahamiyati yanada oshyapti.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan kun — 21-oktyabr sanasining “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb qonunan belgilanishi va har yili keng nishonlab kelinayotgani mamlakatimizning yangi tarixi, yangi taraqqiyot bosqichida amalga oshirilayotgan buyuk islohotlarning yuksak samarasi, mustaqil Vatanimiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, madaniy, maʼnaviy hayotidagi ulkan voqeadir.

 

Eʼzoz va eʼtibor

 

Oʻzbek tili oʻzining qadimiy va boy tarixida hech qachon davlat va jamiyatning hozirgidek yuksak eʼzoz-eʼtibori va gʻamxoʻrligiga sazovor boʻlmagani ayon haqiqatdir. Bugun dunyoda ellik milliondan ortiq kishi Alisher Navoiyning tilida soʻzlashadi. Minglab oliy va oʻrta taʼlim muassasalari, jumladan, xorijdagi taʼlim dargohlari hamda markazlarida oʻzbek tilini astoydil, sevib oʻrganayotgan boshqa millatlar vakillarining safi tobora kengayib bormoqda.

 

Oʻzbekistonning davlat tilini oʻrganish va unga ehtirom koʻrsatishga xalqaro miqyosda ham sezilarli darajada eʼtibor oshdi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlarning rahbarlari, xorijlik elchilar, tadbirkorlar va chet ellik yoshlar oʻrtasida oʻzbekcha gapirish, oʻzbek milliy kuy-qoʻshiqlari, raqslari, liboslariga mehr qoʻyish anʼana tusini olmoqda.

 

Bu “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” dadil qadam qoʻygan yangi Oʻzbekistonda davlat tili boʻyicha yuritilayotgan xalqparvar va tinchlikparvar davlat siyosatining yuksak samaralaridandir.

 

Nomi qayd etilgan Farmonga binoan ona tilimizning istiqboldagi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar qatorida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish uchun masʼul alohida departament tashkil etilgani hamda davlat tilini joriy etish boʻyicha islohotlarning tizimli va izchil yoʻlga qoʻyilganining oʻzi ayni samaralarga yana bir misoldir.

 

Oʻz vaqtida va uzoqni koʻzlab tashkil etilgan ushbu yangi tuzilma bugun davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan doimiy monitoringni amalga oshirish, sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy qilish borasidagi yuksak samarali ishlar koʻlamini tobora kengaytirayotganini xalqimiz har qadamda koʻrib-bilib va his qilib turibdi.

 

Qisqa muddat ichida barcha davlat organlari, vazirlik, hokimlik, idora va xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilari faoliyati samarali yoʻlga qoʻyildi. Boshqacha aytganda, endi davlatimizning yuqoridan quyigacha boʻlgan barcha tashkilotlarida davlat tiliga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi boʻyicha masʼul vakolatli vakillari faol ish olib bormoqda. Ular oʻz safiga oʻzbek tili boʻyicha yetuk mutaxassislar — shoirlar, yozuvchilar, adabiyotshunoslar va jurnalistlarni birlashtirgan.

 

Oʻzbek tili bayrami — ona tilimizni sharaflash, uning qaddini va qadrini yanada yuksaltirish ayyomidir. Ayni paytda, bu bayram davlat tilining Oʻzbekistonda yashayotgan barcha millatlar va elatlarning sevimli tiliga, maʼnaviy ehtiyojiga, faxr-iftixoriga, Mustaqillik, Navroʻz ayyomlari, Konstitutsiya kuni, Oʻqituvchilar va murabbiylar kuni kabi umumxalq bayramlari, el-ulusni birlashtiruvchi, hamjihatlikka chorlovchi, yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlovchi muhim omil boʻlib xizmat qilayotir.

 

Oʻzgarishlar koʻlami

 

Joylarda davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami keng, samaralari esa yuksakdir.

 

Yoʻq, bu shunchaki, rasmi odat uchun aytilayotgan gap emas. Uzoqqa bormay, internetning ijtimoiy tarmoqlariga kiring va ikki-uch yilning nari-berisida, tilmoch topilishi gumon xorijda emas, poytaxtimiz Toshkentda oʻtgan chogʻiroq xalqaro anjumanda Oʻzbekistonning bir vaziri davlat tilida gapirganiga doir shov-shuvli xabarlarga koʻzingiz tushadi: “Ofarin va tasanno! Oʻzbekcha gapirdi-ya! Qoyil!”

 

Bugun bunday hayratomuz gaplar-u savollarga oʻrin qolmadi. Davlatimiz rahbari tomonidan oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish boʻyicha belgilab berilgan aniq hamda qatʼiy vazifalarning ijrosi izchil taʼminlanmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu borada ham barchamizga shaxsan oʻzi ibrat koʻrsatayotganini alohida taʼkidlashga hojat yoʻq, deb oʻylaymiz.

 

Prezidentimiz 2021-yil 21-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani ona tilimizning xalqaro nufuzini chandon oshirdi. Oʻzbek tili yaqin-yaqinlargacha uy-roʻzgʻor tili, rasmiy doiralarda esa tarjima tili boʻlib kelganini eslasak, davlatimiz rahbarining bu tashabbusi naqadar ulkan tarixiy ahamiyatga ega ekani yanada yorqin namoyon boʻladi.

 

Davlat tilini amalda qoʻllash, targʻib qilish va oʻrganish haqida fikr yuritar ekanmiz, yana bir misolni chetlab oʻtolmaymiz. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan ichki monitoring va hujjatlar xatlovi natijalarining tahlili shuni koʻrsatdiki, turli millatlar vakillari mehnat qiladigan jamoaning barcha aʼzolari davlat tilini pishiq-puxta biladi. Oʻzbek tilida ish yuritish mavjud qonunchilik talablari asosida tashkil etilgan.

 

Qayd etish oʻrinliki, davlat tiliga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan bunday keng koʻlamli oʻrganish, tahlil va taqqoslar Markaziy saylov komissiyasi tarixida ilk bor oʻtkazildi.

 

Komissiyaning barcha majlislari, matbuot anjumanlari, brifinglar, konferensiyalar, seminarlar, xalqaro tadbirlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, xorijlik jurnalistlar ishtirokida, ochiq-oshkora va davlat tilida oʻtkaziladi. Normativ-huquqiy hujjatlar olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirokida oʻzbek tilida ishlab chiqiladi, muhokama etiladi, lingvistik ekspertizadan oʻtkaziladi va qabul qilinadi.

 

Markaziy saylov komissiyasining barcha yorliqli blankalari, muhrlari, shtamplari, rekvizitlari, shuningdek, Komissiya binosida oʻrnatilgan barcha tashqi yozuvlar, jumladan, eʼlonlar, koʻrgazmali boshqa axborot matnlari davlat tilida va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtkazilgan.

 

Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati imzolagan farmoyishlar, bayonnomalar, dasturlar, ichki nizomlar, yoʻriqnomalar, topshiriqnomalar hamda Komissiya tomonidan qabul qilingan va tasdiqlangan barcha normativ-huquqiy hujjatlar — qarorlar, nizomlar, bayonnomalar, yoʻriqnomalar, topshiriqnomalar, axborotnomalar “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga binoan qabul qilinadi.

 

Shuningdek, milliy saylov tizimiga doir normativ-huquqiy hujjatlar, maqolalar, maʼruzalar hamda saylovlarga oid xalqaro yangiliklar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy sayti (elections.uz) va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalari orqali davlat tilida va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida muntazam yoritib borilmoqda. Saylov sohasiga oid xalqaro soʻzlar va atamalarning davlat tilidagi muqobillarini ishlab chiqish boʻyicha takliflar tayyorlanmoqda.

 

Mayda ishning oʻzi yoʻq

 

Komissiya faoliyatida davlat tilini faol oʻrganish va targʻib qilish borasida joriy etilgan muhim yangiliklardan yana biri — jamoaning atoqli olimlar, adiblar va siyosat arboblari bilan bevosita muloqotlari muntazamlik kasb etganidir.

 

Bunday uchrashuvlarda davlat tilini rivojlantirish, soʻz masʼuliyati, saylov qonunchiligi va amaliyoti, parlament hayoti, inson maʼnaviyati, adabiyot, kitobxonlik borasida qiziqarli suhbat, savol-javoblar boʻladi.

 

Ayni paytda, Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining ikki nafar xodimi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida bilim va koʻnikmasini mustahkamladi. Komissiyaning kutubxonasi davlat tiliga oid yangi lugʻatlar, ensiklopediyalar, qoʻllanmalar va boshqa zarur nashrlar bilan bosma hamda elektron shaklda boyitib borilmoqda.

 

Milliy saylov tizimida davlat tilini joriy etish va rivojlantirishga qaratilayotgan bunday doimiy eʼtiborning yuksak samaralari 2019-yil 22-dekabr kuni mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga, 2021-yil 24-oktyabrda oʻtkazilgan Prezident saylovlari jarayonida yorqin namoyon boʻlgani, nafaqat mamlakatimiz jamoatchiligi, balki xalqaro tashkilotlarning ushbu saylovlarni kuzatib borgan missiyalari, xorijiy davlatlarning kuzatuvchilari tomonidan ham alohida eʼtirof etilgani yuqoridagi fikrlarimizning yaqqol dalilidir.

 

Aniqlikda hikmat koʻp

 

Davlat tiliga oid eng soʻnggi yangiliklardan biri — joriy yilning yozida “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi va 9-sentyabrdan kuchga kiritilishi bilan bogʻliq.

 

Reklamalarning tili, maʼno-mazmuni, hajmi, eʼlon qilinish vaqti, reklama beruvchining va tarqatuvchining masʼuliyatiga doir muammolar jamoatchilikning talay eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan edi. Sababki, 1998-yilning dekabridan, mazkur yoʻnalishdagi ilk qonun qabul qilinganidan buyon, oradan qariyb chorak asr oʻtdi. Sirasini aytganda, chorak asr avval mamlakatimizda reklama qilinadigan mahsulot-u xizmatlar bugungidek oshib-toshib yotgani yoʻq, reklama bozori hali shakllanmagan edi. Soʻnggi yillarda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan koʻlamdor islohotlar samarasida endilikda oʻz mahsulotlarini va xizmatlarini taklif etayotgan millionlab reklama beruvchilar hamda tarqatuvchilar paydo boʻldi. Milliy reklama bozori toʻla shakllandi va bugun gurkirab rivojlanmoqda.

 

Yangi qonunda mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqimiz hayotidagi ana shu ulkan yuksalish bilan bogʻliq muhim oʻzgarishlarga doir yangi qoida va normalar oʻz ifodasini topgan. Qonunning “Reklamaning tili” deb nomlangan 6-moddasi alohida eʼtiborga molik. Unga koʻra:

 

Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

 

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

 

reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy maʼnosini buzib koʻrsatmasligi kerak;

 

tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;

 

reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining oʻlchami Oʻzbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining oʻlchamidan kichik boʻlishi kerak;

 

tele va radiokanallarda, shuningdek, bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

 

Bu oʻrinda taʼkidlanadigan yana bir gap shundaki, avvalgi qonunda reklamaning tiliga doir modda mujmalroq tuzilgan yagona banddan iborat edi. Yangi qonunga qarasangiz, endi ularning soni oʻndan oshganiga amin boʻlasiz. Ilgari asosan muvaqqat nizomlar va yoʻriqnomalar bilan tartibga solingan talablar yangi qonunda normalar shaklida oʻzining aniq aksini topgan. Bu ham davlat tiliga boʻlgan eʼtibor va ehtiromning amaldagi bir koʻrinishidir.

 

Muntazamlik

 

Albatta, oʻzbek tiliga oid necha oʻn yillar, hatto asrlar davomida yigʻilib qolgan barcha muammoni bir kunda va bir zarb bilan hal etishning iloji yoʻq. Bu choʻng sabr-bardosh, ilmiy izlanishlar, hamjihatlik va sobitqadamlik bilan amalga oshiriladigan, katta mablagʻ va zahmat talab qiladigan ish ekanligi ayon.

 

Shu oʻrinda davlat tilini joriy etish va targʻib qilishga doir eng katta muammolardan biri barham topganiga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz. Ilgari ommaviy axborot vositalarida davlat tiliga oid materiallar — maqolalar, koʻrsatuv va eshittirishlar onda-sonda, asosan 21-oktyabr — “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kun arafasida paydo boʻlib qolar, keyin yil-oʻn ikki oy goʻyo unutilar edi. Endi davlat tilini targʻib qilish va rivojlantirishga oid chiqishlar jarayoni izchillik va muntazamlik kasb etganiga guvoh boʻlib turibmiz.

 

Mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalari — bosma va internet nashrlar, radio va telekanallar, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda davlat tiliga oid masalalarning yoritilishi bilan qiziqib koʻrsangiz, har kuni kattadir-kichikdir maqola, suhbat, videolavha, rolik va boshqa rang-barang materiallarni topasiz. Ularning orasida tahliliy-tanqidiy chiqishlardan to mavjud muammolargacha, joylardagi yangiliklardan to shikoyat xatlarigacha bor. Bu — ochiqlik va oshkoralikni oʻzi uchun dasturilamal deb bilgan erkin, demokratik jamiyatga xos tabiiy jarayon. Bu — davlat tilini oʻrganish, rivojlantirish va amalda qoʻllash mamlakatimizda umummilliy harakatga aylanib borayotganidan dalolat.

 

Prezidentimiz alohida taʼkidlaganidek: “Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”. Bunday izchil ishlar mamlakatimizda barcha soha va yoʻnalishlarda davlat tilini amalda joriy etish va qoʻllash, mustaqil davlatimiz tilining yanada sayqal topishi, rivojlanishi va xalqaro miqyosda ham oʻzining qatʼiy oʻrniga ega boʻlishiga xizmat qilmoqda. Davlat tilini bilish, mazkur tilda ish yuritish va ushbu bebaho madaniy boyligimizni eʼzozlash barcha vatandoshlarimizning maʼnaviy ehtiyojiga aylanib bormoqda.

 

Qulman OCHILOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy

saylov komissiyasi raisining maslahatchisi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

"Xalq soʻzi" gazetasi, 2022-yil 21-oktyabr.

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur