Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari bo‘yicha mutasaddilarning axborotlari tinglandi

27.09.2024

1222

msk_yangiliklari_in

Ayni kunlarda mamlakatimizda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in pallaga kirdi.

 

Shu munosabat bilan, joriy yilning 27-sentyabr kuni tashkil etilgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligining saylov qonunchiligi targ‘iboti borasida adliya organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlari haqidagi axboroti, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish, saylov okruglari va uchastkalarini internet va aloqa vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlari haqidagi axboroti, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda saylov kampaniyasi davomida kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari natijalariga bag‘ishlangan masalalar ko‘rib chiqildi.

Saylovlarni Konstitutsiya va qonunlarimiz, umume’tirof etilgan xalqaro demokratik standartlar asosida va ularga to‘la rioya qilgan holda o‘tkazish ko‘p jihatdan fuqarolarimizning saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy savodxonligiga bog‘liq. Shu ma’noda, saylov jarayonlarida har bir saylovchining shaxsan o‘zi ishtirok etishi orqali o‘z siyosiy irodasini namoyon qilishini targ‘ib qilish, saylovchilarning saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy bilimlarini yuksaltirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, majlisda adliya organlari tomonidan “Mening tanlovim – obod vatanim” shiori ostida aholining saylov qonunchiligiga oid huquqiy savodxonligini oshirish borasida qilingan ishlar haqidagi axborot tinglandi.

 

Ta’kidlanganidek, joylarda tashkil qilinadigan tadbirlarda foydalanish uchun huquqiy targ‘ibot materiallari to‘plami (taqdimot, infografika, buklet, videoroliklar) tayyorlanib manzilli yetkazilgan.

Shuningdek, 20 mingdan ortiq manzilli uchrashuvlar, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilgan. Ijtimoiy tarmoqdagi “Huquqiy axborot” kanalida 3 500 dan ortiq ma’lumotlarni 80 mingdan ortiq obunachilarga tanishtirilgan.

 

Qayd etish joiz, bu yilgi saylovlarni texnologik jihatdan yangi va zamonaviy bosqichda o‘tkazish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, saylov kampaniyasi davrida mutlaqo o‘ziga xos platforma “E-SAYLOV” axborot tizimi va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimlaridan foydalanish saylovlarning xalqaro standartlarga mos tarzda o‘tishiga xizmat qiladi.

Majlisda Raqamli texnologiyalar vazirligining Markaziy saylov komissiyasining takliflari asosida “E-SAYLOV” tizimini keng joriy etish, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (SJBAT) hamda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini (SYAER) takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga doir axboroti tinglandi.

 

Jumladan, bugungi kunda 14 ta hudud va 208 ta shahar va tumanlarda Ichki ishlar vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda SYAERni dolzarblashtirish bo‘yicha xatlov ishlari olib borilmoqda.

 

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda SJBAT va SYAERdan foydalanishi bo‘yicha 22 mingdan ziyod operatorlarni va “E-SAYLOV” tizimining 2 428 nafar foydalanuvchilarni o‘qitish ishlari amalga oshirgan.

Bundan tashqari, saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida saylov uchastkasini aniqlash xizmati ishga tushirilgan. SJBAT va “E-SAYLOV” tizimlarini texnik qo‘llab-quvvatlash uchun 1209 qisqa raqam ajratilib, Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

 

Shuni alohida e’tirof etish joiz, mamlakatimizdagi bo‘lajak saylovlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham katta qiziqish bilan kuzatib boriladi.

 

Bo‘lib o‘tgan majlisda Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Qaror bilan ayrim xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari xorijiy kuzatuvchilar sifatida akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Qayd etish kerakki, xorijiy kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha arizalar Markaziy saylov komissiyasiga “E-Saylov” axborot tizimi orqali kelib tushmoqda.

 

Shuningdek, majlisda Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar tahliliy ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasiga 2024-yil 26-iyul – 23-sentyabr holatiga ko‘ra, 64 ta murojaat kelib tushgan va barcha murojaatlarga komissiya a’zolari va Kotibiyatning tegishli bo‘limlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga asoslangan holda, o‘z vaqtida javoblar yuborilgan.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur