Ozarbayjonda navbatdan tashqari prezident saylovlari

06.02.2024

1398

msk_yangiliklari_in

Joriy yil 7-fevral kuni navbatdan tashqari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti saylovlari boʻlib oʻtadi.

 

Ozarbayjonda prezident 7-yil muddatga saylanadi. Oxirgi prezident saylovlari 2018-yil oʻtkazilgan boʻlib, unda Prezident Ilhom Aliyev 86,02 foiz ovoz toʻplab gʻalaba qozongan.

 

Navbatdan tashqari prezident saylovida 7 nafar nomzod roʻyxatga olingan. Ozarbayjon Konstitutsiyasiga koʻra Ozarbayjon Respublikasi hududida 10-yildan ortiq doimiy yashagan, saylov huquqiga ega boʻlgan, ogʻir jinoyat sodir etganligi uchun sudlanmagan, boshqa davlatlar oldida majburiyatlari boʻlmagan, oliy maʼlumotga ega, ikki fuqaroligi boʻlmagan Ozarbayjon Respublikasi fuqarosi Prezident etib saylanishi mumkin.

 

18 yoshga toʻlgan Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga ega. Shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan, lekin Ozarbayjonda yashash huquqiga ega va mamlakatda soʻngi 5-yildan buyon yashayotgan shaxslar ham saylovda ishtirok etishi mumkin. Saylovchilar roʻyxatiga 6 320 500 nafar fuqaro kiritilgan.

 

Navbatdan tashqari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti saylovlari Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasi, 125 ta okrug saylov komissiyalari va 6 319 ta uchastka saylov komissiyalari tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi. 37 xorijiy davlatlarda 49 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur