Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi E.Pamfilova bilan uchrashuvi to‘g‘risida

15.03.2024

781

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovi kuzatuvida ishtirok etmoqda.

 

Bugun, 14-mart kuni MSK raisi Z. Nizamxodjayev va Rossiya MSK raisi E. Pamfilova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda E. Pamfilova Prezident sayloviga tayyorgarlik va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, Rossiya Federatsiyasi saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalar, saylov kampaniyasining borishi to‘g‘risida batafsil axborot berib o‘tdi.

Qayd etilishicha, prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish maqsadida bir qator MSKning normativ aktlari qabul qilinib, Rossiya fuqarolariga saylov huquqlarini amalga oshirish uchun quyidagi qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan: ovoz berish ketma-ket uch kun (2024-yil 15, 16 va 17-mart kunlari) davomida amalga oshiriladi; ovoz berish uchun zarur binolar mavjud bo‘lmagan va transport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan aholi yashash punktlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun sayyor ovoz berish markazlari tashkil qilingan; 29 ta hududlarda an’anaviy ovoz berish bilan bir qatorda masofaviy elektron ovoz berish imkoniyatlari yaratilgan.

 

Uchrashuv qatnashchilariga saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida ham axborot berildi. Shu maqsadda, internet axborot-telekommunikatsiya tarmog‘idan foydalangan holda real vaqt rejimida saylov uchastkalari va hududiy saylov komissiyalari faoliyati videotranslyatsiyaga uzatiladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston MSK raisi Z. Nizamxodjayev saylovga tayyorgarlik jarayoni yuqori saviyada tashkil etilganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasining ochiqligi va uning xalqaro kuzatuvchilar faoliyatiga ko‘maklashishga tayyorligi, fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirish, ovoz berish xavfsizligi va komissiya a’zolarining mehnat sharoiti xavfsizligini ta’minlash, shuningdek “InformUIK” loyihasi doirasida saylovchilarning elektoral madaniyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadi.

 

Ikki tomonlama hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, Z. Nizamxodjayev aloqalar jadal rivojlanayotganligini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi MSK va Rossiya Federatsiyasi MSK o‘rtasida 2006-yilda imzolangan hamkorlik va huquqiy axborot almashinuvi to‘g‘risidagi Protokol doirasida saylov sohasidagi o‘zaro hamkorlik bilan bir qatorda faol sherikchilik aloqalari ham yo‘lga qo‘yilganligi, shuningdek Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi, Osiyo Saylov Organlari Assotsiatsiyasi va MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahatlashuv kengashi kabi xalqaro assotsiatsiyalardagi birgalikdagi faoliyat to‘g‘risida ham aytib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi MSK a’zolari A. Farmanov va G. Raximovalar ham ishtirok etdi.

 

Delegatsiya a’zolari Rossiya Federatsiyasi MSK huzuridagi bugun o‘z faoliyatini boshlagan Axborot markazi bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur