O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI RAISI ZAYNIDDIN NIZAMXODJAYEVNING BRIFINGDAGI NUTQI

30.04.2023

1734

msk_yangiliklari_in

Hurmatli brifing ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar! 

 

Bugun - 30-aprel, yakshanba kuni,  soat 08.00 da O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini isloh qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga muvofiq, referendum kuni 2023-yil 30-aprel deb belgilandi va ovoz berish byulleteniga bitta savol: “Siz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb yozildi.

Bugun ertalab soat 8:00da mamlakatimizda tashkil etilgan referendum o‘tkazuvchi 10 ming 703 uchastka referendumda ovoz beruvchi fuqarolarga o‘z eshiklarini ochdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 39 ta xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan 55 ta referendum o‘tkazuvchi uchastkalari, jumladan, Sharq mamlakatlarida tashkil etilgan referendum uchastkalari ish boshladi.

Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi bilan referendum o‘tkazuvchi barcha okruglar va uchastkalar o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatilgan.

Referendumda ovoz berish birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasining Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Tailand va Hindistondagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan referendum uchastkalarida boshlandi.

Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga 19 million 722 ming 809 nafar ovoz beruvchi fuqaro kiritildi.

Xorijiy davlatlarda tuzilgan 55 ta referendum uchastkasidagi ovoz beruvchilar ro‘yxatiga jami 307 ming 895 nafar fuqaro kiritildi.

O‘zbekiston fuqarolari joriy yilning 19-aprel-26-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan referendumda muddatidan oldin ovoz berish huquqdan birinchi marta foydalandilar.

611 320 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi. Avvalgi referendumlar davrida qonunchilikda bunday imkoniyatlar nazarda tutilmagan edi.

 

Hurmatli brifing ishtirokchilari!

Joriy yilgi referendumda ovoz berish jarayonini O‘zbekistonning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha referendum uchastkasida o‘rnatilgan videokameralar orqali amalga oshirilayotgan video-translyatsiyadan real vaqt rejimida (onlayn) kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarda, saylov.uz rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallar orqali ham ovoz berish jarayonini uzluksiz kuzatish mumkin.

Ayni paytda, referendum o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug komissiyasining tavsiyasiga binoan, poytaxtimiz tumanlarida joylashgan ellikta referendum uchastkasida ovoz beruvchi fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etildi.

Hozirga qadar olingan maʼlumotlarga ko‘ra, referendum xalqaro meʼyorlar va standartlarga mos milliy referendum qonunchiligimizga, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik va adolatlilik kabi demokratik prinsiplarga to‘la mos holda o‘tmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”ga qonunga binoan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini referendumda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga, shuningdek xohish-irodasini erkin bildirishiga taʼsir ko‘rsatishga hech kim haqli emas.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari referendumda teng asoslarda ishtirok etadilar. Har bir fuqaro bir ovozga ega. Fuqarolarning o‘z xohish-irodasini bildirishi nazorat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ayrim fuqarolar sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan taqdirda, ularning iltimosiga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi ovoz berishni o‘sha fuqaro turgan joy bo‘yicha, ko‘chma ovoz berish qutilaridan foydalanib tashkil etishi mumkin.

Referendumni jami 383 nafar xalqaro kuzatuvchi, jumladan 14 ta  nufuzli xalqaro tashkilotdan 184 nafar45ta davlatdan

199 nafar xalqaro kuzatuvchilar bevosita kuzatib bormoqda.

Bundan tashqari, siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan jami 44 mingdan ortiq mahalliy kuzatuvchi  bevosita kuzatuvda ishtirok etmoqda.

Referendumni akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalarining jami 964 nafar vakili, jumladan, 127 ta xorijiy ommaviy axborot vositasidan 192 nafar vakil bevosita kuzatib va yoritib bormoqda.

Hozirga qadar Markaziy saylov komissiyasiga referendumda ovoz berish jarayoni davomida referendumga doir qonunchilik buzilgani haqida maʼlumotlar kelib tushmadi.

Agarda referendumda ovoz beruvchi fuqarolar, kuzatuvchilar yoki ommaviy axborot vositalari vakillari referendum qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlagudek bo‘lsalar, ular sud, prokuratura organlari yoki referendum komissiyalariga murojaat qilishlari mumkin.

Buning uchun barcha referendum uchastkalarida maʼmuriy sudlar va prokuratura organlarining telefon raqamlari haqida maʼlumotlar mavjud.

Matbuot markazining majlislar zalidagi tabloda soat 11.00 holatiga referendumda qatnashganlar soni to‘g‘risidagi dastlabki maʼlumotlarni eʼlon qilish rejalashtirilgan.

 

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur