Oʻzbekiston MSK delegatsiyasi Moldova Respublikasiga mahalliy saylovlarni kuzatish uchun keldi

05.11.2023

3673

msk_yangiliklari_in

Moldova Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi A.Karamanning taklifiga binoan Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi joriy yilning 5-noyabr, yakshanba kuni boʻlib oʻtadigan umumiy mahalliy saylovlarning borishini kuzatish maqsadida 2023-yilning 4-noyabr kuni Moldova Respublikasiga tashrif buyurdi.

 

Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev va Moldova Markaziy saylov komissiyasi raisi A.Karaman oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat saylov organlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston delegatsiyasi saylov jarayonidagi zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalardan foydalangan holda saylovni oʻtkazishning huquqiy va tashkiliy asoslari bilan tanishdi.

 

Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat saylov organlari oʻrtasida tajriba almashish uchun bunday tashriflar muhimligini taʼkidladi. Z.Nizamxodjayev, shuningdek, ikki mamlakat saylov organlari oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlanishiga umid bildirdi.

Oʻz navbatida, A.Karaman Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasiga saylovni oʻtkazishga koʻrsatgan qiziqishi va qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirib, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni tashkil etishning borishi, saylov jarayonining shaffofligi, adolatliligi va xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari haqida maʼlumot berdi.

 

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar saylovni kuzatish boʻyicha oʻzaro tashriflar saylov sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashiga umid bildirdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur