Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Qozogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 30 yilligiga bagʻishlangan tadbirlarda ishtirok etmoqda

07.12.2023

22996

msk_yangiliklari_in

Qozogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga koʻra Komissiya raisi Z. Nizamxodjayev va Komissiyaning doimiy aʼzosi G. Raximovalardan iborat Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi Qozogʻiston Markaziy saylov komissiyasining 30 yilligiga bagʻishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar va saylov tizimi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etmoqda.

 

 


Xalqaro konferensiyada Qozogʻiston MSK, saylov jarayonida ishtirok etuvchi davlat organlari, NNTlar, saylov sohasidagi xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy saylov organi vakillari ishtirok etmoqda.

 


Tadbir 7-dekabr kuni “Qozogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga 30 yil” nomli koʻrgazmaning ochilishi bilan boshlandi.
Konferensiyani Qozogʻiston MSK raisi N. Abdirov ochib berdi. Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ye. Baspayev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Q.Toqayevning tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi, shuningdek, Senat raisi oʻrinbosari J. Asanov va Majilis (quyi palata) raisi oʻrinbosari A. Rau Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti palatalari nomidan soʻzga chiqishdi.

 


Konferensiyaning ochilish marosimida MDH Bosh kotibining oʻrinbosari L. Anfimov, MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi Bosh kotibi D. Kobiskiy (video), Butunjahon Saylov Organlari Assotsiatsiyasi (A-WEB) Bosh kotibi In-cik Jang (video), Parlamentlararo ittifoq (Inter-Parliamentary Union) faxriy prezidenti D. Pasheko (video), Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) Bosh kotibi K. Omuraliyev (video) va YXHTning Ostonadagi ofisi boʻlimi boshligʻi Sara DʻAmiko tadbir ishtirokchilarini qutlashdi.

 


Soʻngra Qozogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan Armaniston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyalari, shuningdek, Turkiya Respublikasi Oliy saylov kengashi oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

 

 

 


Konferensiya doirasida ikkita mavzuda: “Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida saylov qonunchiligi evolyutsiyasi” va “Saylov tizimini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari” sessiyalari tashkil qilindi.

 


Saylov sohasidagi ilgʻor tajribalar, saylov tizimini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yoʻllari, xorijiy mamlakatlarda amalga oshirilayotgan saylov sohasidagi islohotlar, saylov jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish, internet orqali ovoz berish va boshqa masalalar yuzasidan xorijiy mamlakat saylov organlari raislari va aʼzolarining maʼruzalari tinglandi va muhokama qilindi.

 


Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev oʻz nutqida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan saylov sohasidagi islohotlar va bu jarayonlarda Markaziy saylov komissiyasining oʻrni toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi.

 


Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilish maqsadida Davlatimiz rahbari boshchiligida parlament va siyosiy partiyalarning rolini oshirish hamda saylov va referendumlarni oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilganligini taʼkidladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev mamlakatimizda demokratik islohotlarni rivojlantirishning yangi bosqichiga toʻxtalar ekan, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi amaldagi saylov va referendum toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etishini taʼkidladi.

 


Qolaversa, saylov sohasidagi qonunchilikni konstitutsiyaviy normalarga muvofiqligini taʼminlash va saylov sohasini yanada takomillashtirish shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirishga, saylov komissiyalari tizimini optimallashtirish va markazlashgan saylov tizimini shakllantirishga, shuningdek, ularning professional tayyorgarligini oshirishga hamda davlat organlarini shakllantirishda siyosiy partiyalar va aholining ishtirokini yanada kuchaytirishga zarurat tugʻiladi.

 


Milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga yangi demokratik standartlarni joriy etishni nazarda tutuvchi Parlament tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendumlarni oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. 

 


Qozogʻiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 30 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar 8-dekabr kuni ham davom etadi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur