Hindistonda Milliy saylovchilar kuni nishonlanmoqda

25.01.2024

3413

msk_yangiliklari_in

Bugun 2024-yil 25-yanvar kuni Hindistonda 14-Milliy saylovchilar kuni nishonlanadi. Hindiston saylov komissiyasining taklifiga koʻra Nyu-Dehli shahrida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillari Hindiston Milliy saylovchilar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi. Hindiston hukumati tomonidan tashkil etilgan Milliy saylovchilar kuni 2011-yildan buyon nishonlab kelinmoqda.

 

Mazkur kunning joriy etilishiga saylov jarayonida ishtirok etishga unchalik qiziqish bildirmaydigan yosh saylovchilarning faolligi pastligi sabab boʻlgan. Har yili 25-yanvar kuni Hindiston saylov komissiyasi oʻn sakkiz yoshga toʻlgan saylovda qatnashish huquqiga ega boʻlgan yoshlar roʻyxatini tuzib chiqadi. Ular saylovchilarning umumiy roʻyxatiga kiritilib, yoshlarga individual saylov varaqalari taqdim qilinadi. Bunday tadbir yosh saylovchilar oʻrtasida gʻurur-iftixor tuygʻusini his qilish, ularning imkoniyatlarini kengaytirish va saylov huquqidan foydalanishga undaydi.

 

14-Milliy saylovchilar kuni tadbirlari Hindiston Prezidenti Draupadi Murmu raisligida hamda mamlakat Adliya vaziri Shri Arjun Ram Megval, Hindiston saylov komissiyasi, Maldiv orollari, Rossiya, Tayvan, Oʻzbekiston va Filippin saylov organlari rahbarlari va aʼzolari, shuningdek, boshqa xorijiy ishtirokchilar ishtirokida boʻlib oʻtdi.

 

Ushbu bayramni nishonlash maqsadida Hindiston Prezidenti yangi roʻyxatga olingan yosh saylovchilarga saylovchilar kartalari hamda 2023-yilda eng yaxshi saylov amaliyoti uchun Milliy mukofotlarni topshirdi. Mukofotlanganlar orasida shtat va tuman darajasidagi mansabdor shaxslar, hukumat idoralari, Hindiston saylov komissiyasi va OAV guruhlari saylov jarayonining turli sohalarida, jumladan, axborot texnologiyalari tashabbuslari, xavfsizlik va saylovni boshqarish, saylovchilarni xabardor qilish hamda ochiq saylovlar va saylovga qoʻshgan hissalari uchun munosib taqdirlanishdi.

 

Tadbirda HSK nashrining “2024-yilgi umumiy saylovlar uchun HSK tashabbuslari” nashri ham taqdim etildi. Kitobda Hindiston saylov organlari tomonidan erkin, adolatli va inklyuziv saylovlarni tashkil etish boʻyicha joriy etilgan tashabbuslar haqida toʻliq maʼlumot berib oʻtilgan. Bayram tadbirlarida Hindiston saylov komissiyasi tashkil etilganining 75-yilligi (1950-yil 25-yanvar) arafasida va parlament saylovlari boʻlib oʻtishi munosabati bilan “Inklyuziv saylovlar” mavzusidagi esdalik pochta markasi chop etilgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan saylovchilarni oʻqitish boʻyicha innovatsion multimedia kampaniyasi ham tashkil etiladi va 2024-yilgi parlament saylovlari haqida axborot kampaniyasi ham boshlanadi.

 

Qolaversa, saylovchilar uchun mashhur hind rejissyori Shri Raj Kumar Xirani bilan birgalikda HSK tomonidan tayyorlangan “Mening ovozim – mening burchim” nomli motivatsion videorolik namoyish etildi. Unda bir nechta taniqli shaxslar demokratiya ruhi va bitta ovoz kuchini uygʻotadigan xabarlar bilan chiqish qilishgan.

 

Shuningdek, Hindistondagi saylovlar, islohotlar, texnologik yutuqlar va saylovlarni boshqarish sohasidagi innovatsiyalarning ilgʻorligini koʻrsatadigan multimedia koʻrgazmasi ham tashkil etildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

 

Hindistonda nishonlanayotgan Milliy saylovchilar kuni tadbirlaridan fotolavhalar

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur