Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI RAISI ISHTIROKIDAGI MATBUOT ANJUMANI YUZASIDAN

29.04.2023

2019

msk_yangiliklari_in

29-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev ishtirokida referendumni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan asosiy chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, mahalliy va xorijiy OAV vakillari, referendumni kuzatish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning kuzatuvchilari ishtirok etishdi.

Anjumanda taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasida referendumni o‘tkazish Konstitutsiya, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun, Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining qarorlari bilan tartibga solinadi. Referendumni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishda xalqaro standartlar, referendumni ochiq-oshkora o‘tkazish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba ham hisobga olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari hisoblanadi.

Ushbu vakolatlardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 9-10-mart kunlari bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masala batafsil muhokama qilindi va referendum sanasi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazishga doir qarorini Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi.

Oliy Majlis Senatining 14-mart kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum sanasini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga binoan, referendumga qo‘yilayotgan masalaning matni ham referendum tayinlanganda Oliy Majlis tomonidan maʼqullanadi. Oliy Majlis palatalarining qarorlarida belgilanganidek, joriy yilning 30-aprel, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan referendum byulletenida: “Siz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb yozildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining referendumi – Markaziy saylov komissiyasi, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari hamda uchastka komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasi referendumni o‘tkazish uchun tuziladigan referendum komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida Saylov kodeksi va “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi, ularning bir xil tarzda qo‘llanilishini taʼminlaydi.

Shuningdek, anjumanda qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlari chegarasida O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi 14 ta referendum okruglari tuzildi va okrug referendum komissiyalarining 266 nafardan iborat shaxsiy tarkibi tasdiqlandi.

O‘z navbatida, okrug komissiyalari tomonidan qonunchilikda belgilangan muddatlarda referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar sonidan kelib chiqib, 10 ming 758 ta referendum uchastkalari tuzildi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 39 ta xorijiy davlatlardagi diplomatik va konsullik muassasalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi tuzildi va O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrugiga biriktirildi. Xorijiy davlatlarda tuzilgan referendum uchastkasidagi ovoz beruvchilar ro‘yxatiga jami 307 ming 895 nafar fuqaro kiritildi.

Ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati asosida tuziladi.

Har bir fuqaro ovoz beruvchilarning faqat bitta ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga 19 million 722 ming 809 nafar ovoz beruvchi fuqaro kiritildi. Shulardan, 46 foizi erkaklar, 54 foizi ayollardir.

MSK Raisi barcha darajadagi referendum komissiyalari referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z ishini “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun talablariga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda adolat tamoyillariga to‘la amal qilgan holda tashkil etib kelayotganini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Matbuot xizmati 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur