Markaziy saylov komissiyasi delegatsiyasi 2024-yildagi AQSH saylovlarini kuzatish bo‘yicha xalqaro dasturlarda ishtirok etmoqda

05.11.2024

1001

msk_yangiliklari_in

2024-yil 5-noyabr kuni AQSHda 60-prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi va ularda AQSHning 47-prezidenti saylanadi. Prezident saylovlari bilan bir vaqtda AQSH Senati va Vakillar palatasi saylovlari hamda ayrim shtatlarda gubernatorlar va qonun chiqaruvchi organlari saylovlari ham bo‘lib o‘tadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov boshchiligidagi delegatsiya AQSH Saylovga ko‘maklashish komissiyasi va Xalqaro saylov tizimlari jamg‘armasi (IFES) tomonidan tashkil etilgan 2024-yildagi AQSH saylovlarini kuzatish bo‘yicha xalqaro dasturlarda ishtirok etmoqda.

 

4-noyabr kuni dasturlarning boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

 

Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Quchkarov AQSH Saylovga ko‘maklashish komissiyasi tomonidan tashkil etilgan saylovni kuzatish dasturida ishtirok etdi. Dasturda turli mamlakatlar saylov komissiyalarining rahbarlari va a’zolari qatnashmoqdalar.

 

 

Ushbu dastur doirasida AQSH Federal saylov komissiyasi Komissarlari Shano Brussard va Alen Dikerson bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. AQSHda saylovlarni tashkil qilish jarayoni markazlashtirilmagan va shtatlar vakolatiga kiradi, shunga ko‘ra, Komissiya nomlanishiga qaramay saylovlar ushbu Komissiya tomonidan tashkil qilinmaydi. Komissiyaning asosiy maqsadi federal saylov kampaniyasi davrida moliyaviy qonunlarga rioya etilishini nazorat qilishdir. Komissiya ikki partiyaviylik asosda shakllantirilgan olti nafar a’zodan iborat. Komissiya a’zolari komissiyaning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdilar, shuningdek, siyosiy faoliyatni moliyalashtirishning asosiy qoidalari haqida so‘z yuritdilar.

 

 

 

Shu bilan birga, AQSH Saylovga ko‘maklashish komissiyasi Komissarlari Benjamin Xovland (rais), Donald Palmer (rais o‘rinbosari), Tomas Xiks va Kristi Makkormik bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Komissiya bilan uchrashuvda AQSH Saylovga ko‘maklashish komissiyasi va O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari alohida muhokama qilindi.

 

 

 

Shuningdek, uchrashuv davomida saylov tizimi va AQSH saylov qonunchiligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

 

Shu kuni Ichki xavfsizlik vazirligi huzuridagi Kiberxavfsizlik va infratuzilmani himoya qilish agentligi (CISA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va unda Agentlikning ijrochi direktori Bridjit Bin kiberxavfsizlikni ta’minlash va axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini himoya qilish choralari haqida gapirib o‘tdi.

 

Shundan so‘ng, Shtatlar davlat kotiblari milliy assotsiatsiyasi va Shtatlar saylovlar bo‘yicha direktorlari milliy assotsiatsiyasining ijrochi direktorlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi hamda ular shtat va mahalliy darajada saylovlarni o‘tkazish, shuningdek, ushbu assotsiatsiyalarning saylov tashkilotchilariga yordam berishdagi roli haqida so‘z yuritdilar.

 

 

Uchrashuvlar davomida federal idoralar, milliy assotsiatsiyalar vakillari va saylovlarni kuzatish dasturi ishtirokchilari o‘rtasida fikr almashildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi a’zolari A. Farmanov va G. Raximova IFES tomonidan tashkil etilgan 2024-yildagi AQSH saylovlari dasturining ochilishi doirasidagi konferensiyada ishtirok etdi.

 

IFES Prezidenti, Bosh ijrochi direktori Entoni N. Banberi va IFES boshqaruvi hamraisi M. Piter Makferson tadbir ishtirokchilariga kirish nutqi bilan chiqish qilishdi.

 

 

 

 

Ishtirokchilarni qutlagan holda, ular 1992-yildan beri IFES tomonidan boshqarib kelinayotgan AQSH saylovlari dasturi (USEP) saylov ekspertlari va dunyoning boshqa manfaatdor tomonlariga AQSH saylov tizimini kuzatish va o‘rganish, shuningdek, saylovlar va ovoz berishni xalqaro qiyosiy nuqtayi nazardan muhokama qilish imkoniyatini berishini ta’kidladilar.

 

Sessiyalar davomida IFES ekspertlari moderatorligida AQSH normativ-huquqiy bazasi va saylov tizimi, bo‘lib o‘tadigan saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish masalalariga oid muhokamalar o‘tkazildi.

 

 

 

 

IFES Kiberxavfsizlik va axborot yaxlitligi bo‘yicha katta global maslahatchisi Mett Beyli moderatorligida bo‘lib o‘tgan “O‘zgargan texnologik muhit: saylovchilarni o‘qitish va demokratik diskurs uchun imkoniyatlar” mavzusidagi munozaraga ishtirokchilar tomonidan juda katta qiziqish bildirildi. Demokratiya va texnologiyalar markazi, Saylovga ko‘maklashish komissiyasi (YEAC) va Texnik ko‘rsatmalarni ishlab chiqish qo‘mitasi (TGDC) ma’ruzachilari ijtimoiy tarmoqlardagi katta o‘zgarishlar va sun’iy intellektning hamma joyda aloqa vositasi sifatida paydo bo‘lishi natijasida o‘zgargan axborot muhitiga saylov komissiyalari va saylovchilar qanday duch kelayotganligi, shuningdek, qanday qilib AQSH komissiyalari tomonidan sun’iy intellekt va boshqa yangi yondashuvlar yuzasidan fikr yuritish va tajriba o‘tkazish hamda kelajakda ularga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi, so‘z erkinligi kabi asosiy erkinliklarni himoya qilish uchun va yangi imkoniyatlar va tahdidlarga duch kelganda nima qilish kerakligi haqida gapirib o‘tdilar.

 

“Saylovlarga ishonchni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash” muhokamasi davomida AQSHda ham, boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham fuqarolarning saylovlar yaxlitligiga ishonchi bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi. Ekspertlar butun dunyoda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan saylovlarga ishonchni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlashning istiqbolli yondashuvlari haqida fikr almashdilar.

 


 

AQSHdagi saylov texnologiyalari: ovoz berish mashinalari; Kongressga saylovlar bo‘yicha okruglarni delimitatsiya qilish uchun yangi standartlarni joriy etish; Mamlakat tashqarisida ovoz berish va sirtdan ovoz berish; AQSHda saylov kampaniyalarini moliyalashtirish tizimi va siyosatining huquqiy va me’yoriy jihatlari va boshqa mavzularni o‘z ichiga olgan panel muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

 

Shuningdek, “Barcha odamlar foydalanishi uchun: Nogironligi bo‘lgan amerikaliklar to‘g‘risidagi qonun 34-yilligi va ovoz berish” mavzusida interaktiv simulyatsiya tashkil etildi va uning jarayonida ushbu qonun qulay ovoz berishda qanday inqilob qilganligi, AQSH saylovlarida qanaqa oqilona qurilmalar va yordamchi qurilmalardan foydalanilganligi yoritib berildi.

 

 

 

 Konferensiyaning birinchi kuni yakunida Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining IFES Prezidenti, Bosh ijrochi direktori Entoni N. Banberi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur