Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

AQSHning ilg‘or saylov texnologiyalari bilan tanishish jarayonlari

05.03.2024

16214

msk_yangiliklari_in

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya AQSH prezidentligi praymerizlariga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish va unda ovoz berish jarayonlarini kuzatish maqsadida AQSHning Kaliforniya shtatida bo‘lib turibdi. 

 

Tashrif doirasida xalqaro kuzatuvchilar uchun Los Anjeles okrugida ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida qo‘llaniladigan zamonaviy raqamli yechimlar taqdimoti hamda davra suhbati bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar saylov jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha to‘plangan tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bundan tashqari, ko‘plab mamlakatlarning saylov tizimlarida qo‘llaniladigan muhim texnologik yechimlar ham muhokama qilindi.

Xalqaro kuzatuvchilar yangi foydalanishga topshirilgan Los Anjeles okrugidagi saylov byulletenlari bilan ishlash markazi faoliyati bilan ham tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Los Anjeles okrugi kotibi Din Logan va uning ofisi xodimlari xalqaro kuzatuvchilarga Markaz faoliyati, vazifalari va uni tashkil etish bosqichlari haqida axborot berib o‘tishdi.

 

Markazning asosiy vazifasi saylov byulletenlarini, shu jumladan pochta orqali yuborilgan saylov byulletenlarini qabul qilish, ularni saralash, ovozlarni sanab chiqish uchun skaner qilish, saylov byulletenlarini sanab chiqish jarayonida jamoatchilik nazoratini ta’minlash, ovozlarni sanab chiqishning dastlabki natijalari to‘g‘risida tezkorlik bilan axborot berish, saylov byulletenlarining saqlanishi va xavfsizligini ta’minlashdan iboratdir. Kaliforniya shtati qonunchiligiga muvofiq, har bir okrugda saylov byulletenlari markazlashgan tarzda hisoblab chiqiladi.

 

Saylov byulletenlarini qayta ishlash markazi qariyb 13,4 ming m2 maydonni tashkil qilib, markaz yetkazib berilgan saylov byulletenlarini qabul qilish, saralash, tayyorlash va ovozlarni hisoblash kabi bir necha zonalarga bo‘lingan. Binoda yuqori darajada xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Shu bilan birga, sanoq jarayonini bino ichida hamda onlayn tarzda ham kuzatish uchun jamoatchilik nazorati uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Xalqaro kuzatuvchilar saylov byulletenlarini qayta ishlashning har bir bosqichi va Markaz xodimlarining faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

 

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev va Los Anjeles okrugi kotibi Din Logan o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi.

 

Los Andjeles okrugida mazkur praymerizlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 6,5 mln. fuqarodan 5,7 mln. nafari ovoz berish uchun ro‘yxatga olingan. Los Anjeles okrugi Qo‘shma Shtatlardagi eng ko‘p saylovchilarga ega bo‘lgan okrug hisoblanadi. Mazkur saylovlarni tashkil etishga 10 ming nafarga yaqin xodimlar jalb etilgan.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur