Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI RAISINING O‘RINBOSARI BAXROM KUCHKAROVNING BRIFINGDAGI NUTQI

30.04.2023

812

msk_yangiliklari_in

MSK Matbuot markazi

2023-yil 30-aprel

soat: 14:00

 

Assalomu alaykum, Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

 

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumda fuqarolarimizning ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.

 

O‘zbekistonning turli hududlaridagi referendum uchastkalarida o‘rnatilgan videokameralar orqali fuqarolarimizning referendumda faollik bilan qatnashayotganliklarining guvohi bo‘lib turibmiz.

 

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasida belgilangan qoidaga muvofiq referendumda ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning kamida yarmi referendumda ishtirok etgan bo‘lsa referendum o‘tgan deb topiladi.

 

Avval maʼlum qilganimizdek, referendumda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga 19 mln 722 ming 809 nafar fuqaro kiritilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi uchastka va okrug komissiyalaridan olingan maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak soat 13:00 holatiga ovoz beruvchi fuqarolarning 12 mln 083 ming 105 nafari yoki 62,24 (oltmish ikki butun yuzdan yigirma to‘rt) foizi ovoz berdi.

 

Ushbu raqamlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy referendumni o‘tgan deb topishga asos bo‘la oladi.

 

Albatta yakuniy xulosa ovoz berish yakunlaridan kelib chiqib beriladi.

 

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi teng ovoz berish huquqiga ega. Referendumda erkin va yashirin ovoz beriladi. Ovoz beruvchilarning xohish-irodasi nazorat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Referendum to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga muvofiq, sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmagan fuqarolar uchun referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari ovoz berishni o‘sha ovoz beruvchi fuqaro turgan joyda tashkil etmoqda.

 

Ovoz berish jarayonlarida qonun talablariga to‘liq rioya etilishini Markaziy saylov komissiyasi nazorat qilib bormoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasining referendum jarayonlari haqida tezkor axborot berish uchun Axborot markazi ham tuzilgan. Ushbu markazga barcha fuqarolarimiz referendum jarayonlariga oid murojaatlari bilan qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Axborot markazimizning telefon raqami mamlakat ichidagi qo‘ng‘iroqlar uchun 12-00 qisqa raqam, xorijdagi fuqarolarimiz uchun (55) 500-12-00 raqamini eslatib o‘tamiz.

 

Hozirga qadar Axborot markaziga fuqarolarimizdan jami 148 ta murojaatlar kelib tushgan va ular mutaxassislarimiz tomonidan qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilmoqda. Zarur hollarda murojaatlar okrug komissiyalari yordamida yoki mutasaddi davlat organlari tomonidan joyida o‘rganilmoqda. Hech qaysi bir murojaat eʼtiborsiz qoldirilmaydi.

 

Umuman olganda referendum amaldagi qonunchilik meʼyorlari va xalqaro standartlarga to‘la mos ravishda o‘tmoqda.

 

Hozircha Sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan axborotimiz shulardan iborat.

 

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur