VAKOLATLI VAKIL KIM VA U QANDAY VAZIFALARNI BAJARADI?

01.02.2023

3748

msk_yangiliklari_in

Saylov kampaniyasida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya oʻrtasida muloqot olib borish, talab etilgan hujjatlarni taqdim qilishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun vakolatli vakil faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

 

Vakolatli vakil, birinchi navbatda, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal qilib boradi.

 

Mazkur institutning saylov kompaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonuniyligini taʼminlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

 

Siyosiy partiya aʼzosi yoki tarafdori yoxud siyosiy partiyaga xayrixoh boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining 18 yoshga toʻlgan fuqarosi siyosiy partiyaning vakolatli vakili boʻlishi mumkin.

 

Siyosiy partiya tomonidan vakolatli vakil tayinlash masalasi ikki bosqichda amalga oshiriladi.

 

Birinchi bosqichda siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini belgilangan qoidalar asosida amalga oshirish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan munosabatlarni olib borish uchun vakolatli vakil tayinlanadi.

 

Ikkinchi bosqich bevosita hududiy partiya organlaridan tayinlanadigan vakolatli vakil faoliyati bilan bogʻliq. Bunday vakolatli vakil saylov uchastkasida ish olib boradi. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishi uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan eʼtiboran oʻz vakolatli vakillarini tayinlaydi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentyabrdagi 935-son qarori bilan tasdiqlangan “Siyosiy partiyaning vakolatli vakili toʻgʻrisida”gi Nizomda siyosiy partiyalar tomonidan vakolatli vakil tayinlash va uni roʻyxatga olish tartibini, vakolatli vakilning huquq va majburiyatlari belgilangan.

 

Vakolatli vakil quyidagi tartibda tayinlanadi va roʻyxatga olinadi:

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman eʼlon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda oʻz vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakil nomzodiga tegishli hujjatlarni koʻrib chiqib, uch kunlik muddatda uni roʻyxatga oladi va mazkur Nizomning belgilangan shaklda unga mandatni beradi.

 

Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini oʻz yonida olib yurishi shart.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatligiga nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan eʼtiboran oʻz vakolatli vakillarini tayinlaydi.

 

Siyosiy partiyaning hududiy organi rahbari saylovga kamida oʻn kun qolganida ariza bilan tegishli saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxatini (ismi-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami koʻrsatilgan holda) taqdim etadi. Bunda ariza:

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida — Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

 

xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovida — mazkur Kengashlarga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

 

xalq deputatlari tuman, shahar (bundan Toshkent shahri mustasno) Kengashlari deputatlari saylovida — tuman, shahar (bundan Toshkent shahar saylov komissiyasi mustasno) saylov komissiyasiga;

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi bir vaqtda oʻtkazilgan taqdirda — Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

 

Tegishli saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxati kelib tushgan vaqtdan boshlab, besh kun ichida vakolatli vakillarni roʻyxatga oladi va ularga belgilangan shaklda mandatlar beradi.

 

Mandatda siyosiy partiyani boshqa siyosiy partiyadan farqlash uchun alohida belgilar (rangi yoki boshqa) aks ettirilishi mumkin.

 

Quyidagi hollarda vakolatli vakilga mandat berish rad etilishi mumkin:

nomzod 18 yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa;

saylovga oʻn kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa;

tegishli saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiyadan nomzod roʻyxatga olinmagan boʻlsa (saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etadigan vakolatli vakillarga nisbatan qoʻllaniladi);

Nizomda koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa.

 

Siyosiy partiya saylovga qadar istagan vaqtda tegishli saylov komissiyasini yozma ravishda xabardor qilgan holda vakolatli vakilni vakolatidan mahrum qilishi mumkin. Bunday hollarda saylov komissiyasi vakolatli vakilni roʻyxatdan chiqaradi va unga berilgan mandatni bekor qiladi.

 

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili qanday vazifalarni bajaradi:

saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan toʻplangan imzo varaqlarini topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga;

uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shu jumladan uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan koʻchirma nusxasini olishga haqli.

 

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili takroriy ovoz berish paytida ham saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda hozir boʻlishi mumkin.

 

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashishi mumkin emas.

 

Siyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari toʻgʻrisidagi axborot matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran tugagan hisoblanadi.

 

Orzugul Qozixonova

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur