BUYUK IMKONIYAT: PANDEMIYA SHAROITIDA SAYLOV O‘TKAZISHNING O‘ZIGA XOS JIHATLARI NIMADA?

31.01.2023

2670

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning 24-oktyabrini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgilaganidan va 23-iyuldan saylov kampaniyasi boshlanganidan buyon bir oy oʻtdi. Aytish kerakki, saylov koʻpning saʼy-harakati bilan amalga oshiriladigan muhim siyosiy tadbir. Koʻpning koʻlankasi ham oltin, deydi dono xalqimiz. Bu koʻpning ahilligi, hamjihatligi va gʻayrati bilan amalga oshadigan ishda baraka moʻl boʻladi, degani.

 

TAHLILCHILAR HAYRATI

 

Oʻtgan yili, ahli olam boshiga toʻsatdan koronavirus degan ofat yogʻilganida, hali insoniyat bu “koʻz ilgʻamas yov”ning tabiatini anglay olmay, unga qarshi munosib chora topolmay, sarosimada turgan kezlarda ham dunyoning koʻplab mamlakatlarida prezidentlikka, parlamentga va mahalliy vakillik organlariga saylovlar, shuningdek referendumlar oʻtkazildi. Eng qizigʻi, inson salomatligi uchun oʻta xatarli kunlarda oʻtgan oʻsha saylovlarda talay mamlakatlarning aholisi odatdagidan koʻra faolroq ishtirok etgani xalqaro tahlilchilarni hayratga soldi. Bu el boshiga ish tushganda, insonga xos ahillik va hamjihatlik tuygʻularining kuchayishi bilan bogʻliq.

 

2020-yil aprel oyining birinchi yarmida Koreya Respublikasi Milliy Majlisiga boʻlib oʻtgan saylovda muddatidan oldin ovoz berishda fuqarolar rekord darajada – roʻyxatga olingan saylovchilarning qariyb 27 foizi ishtirok etdi.

 

Infeksiya xavfi tufayli, deyarli barcha davlatlarda boʻlgani kabi, Polshada ham lokdaun — favqulodda holat eʼlon qilinib, aholining koʻcha-koʻyga emin-erkin chiqishi va yurishi keskin cheklangan edi. Shunga qaramay, 2020-yil 28-iyun kuni oʻtgan Prezident saylovining birinchi turidayoq saylovchilarning ovoz berishdagi faolligi boʻyicha Polsha tarixida rekord oʻrnatildi – 64,5 foiz qayd etildi.

 

2020-yilning 10-iyul kuni Singapurda oʻtgan parlament saylovida esa roʻyxatga olingan saylovchilarning qariyb 96 foizi ishtirok etdi. Bu ham mamlakat tarixidagi oʻziga xos rekorddir.

 

Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Eng muhimi, Saylovlarni kuzatish boʻyicha tashkilotlar Yevropa tarmogʻining (ENEMO) maʼlumotlariga qaraganda, shu paytgacha pandemiya sharoitida saylov oʻtkazgan birorta davlatda (taʼkidlayman: birorta!) saylov munosabati bilan aholi oʻrtasida koronavirus yuqish holatlari koʻpaygani qayd etilmagan.

 

Prezident sayloviga qizgʻin hozirlik koʻrayotgan Oʻzbekistonda ham saylovni yurtdoshlarimizning salomatligi qatʼiy muhofaza qilingan holda, xavf-xatardan xoli, milliy saylov qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga binoan hamda karantin talablari asosida ochiq-oshkora oʻtkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

 

GʻALABANING IBTIDOSI

 

Insoniyat pandemiya sharoitida yashashga va unga qarshi kurashishga asta-sekin koʻnikib, moslashib bormoqda, deb taʼkidlayotgan olimlar haq. Bu – tabiiy. Negaki, insoniyat pandemiyadan qachon butunlay xolos boʻlishi yoki koronavirusning yana qanday rivojlanishini bugungacha, nafaqat manaman degan fozili fuzalo, hatto Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotidek nufuzli xalqaro tuzilma ham aniq ayta olmayotir. Dardning yugurib kelib, emaklab ketishi maʼlum. Lekin izlagan doim imkon topadi. Aholini koronavirusga qarshi yalpi emlash – pandemiyaga qarshi kurashdagi eng muhim gʻalabaning boshlanishi. Buni xalqaro va milliy tajriba aniq-tiniq koʻrsatib turibdi.

 

Biroq bunday muvaffaqiyatlarga oʻz-oʻzidan erishilayotgani yoʻq, albatta. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, bugun yurtdoshlarimiz yalpi emlanayotgan vaksinalar 60 dollargacha boʻlgan narxlarda sotib olinayotir. Bu davlat xazinasidan ajratilayotgan milliard-milliard mablagʻ demakdir.

 

Men shifokor sifatida tibbiyot ahli oʻrtasida mashhur bir qoidani eslatmoqchiman: profilaktika, yaʼni kasallikning oldini olish uchun sarflangan bir soʻm, xastalikni davolash yoʻlida chekiladigan xarajatning yuz soʻmini tejaydi. Shu bois, ushbu raqamlarning zamirida qanday zahmat, gʻayrat, gʻamxoʻrlik va mehr-eʼtibor mujassam ekanini barchamiz chuqur anglab yetishimiz va qadrlashimiz zarur.

 

Oʻtgan yilning bir xulosasiga eʼtibor bering: jahondagi mamlakatlarning imkoniyatlarini pandemiya sabab yuzaga kelgan oʻta murakkab sharoit taqozosi bilan bogʻliq holda tahlil qilgan ekspertlar Yangi Oʻzbekistonga oʻz fuqarolarini har qanday sharoitda himoyasiga olishga qodir davlat sifatida yuksak baho bergani – bugun dunyo ahliga ayon haqiqat. Tahlilchilarning yozishlaricha, bu, avvalo, asrlar osha shakllanib, istiqlol davrida mustahkamlangan va soʻnggi yillarda zamon talablaridan kelib chiqib tubdan takomillashtirilgan oʻzbek milliy davlatchiligiga xos siyosiy boshqaruv anʼanalari, eng muhimi, barcha sohalarda ochiqlik va demokratiya, xalq bilan muloqot keng yoʻlga qoʻyilgani natijasidir.

 

Davlatimiz tomonidan tezkorlik, sobitqadamlik, ilmiylik asosida, xalq bilan bamaslahat amalga oshirilgan va oshirilayotgan zarur chora-tadbirlarning yuksak samarasidir. Oʻz paytida koʻrilgan tezkor va tizimli chora-tadbirlar natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yoʻl qoʻyilmadi. Xalqimiz guvoh boʻlib turganidek, yurtimizda osoyishta hayot, barqaror iqtisodiy yuksalish davom etmoqda.

 

OGOHLIK – DAVR TALABI

 

Endi masalaning boshqa tomoniga eʼtibor bering. Bir yil mobaynida koronavirus ham, afsuski, “qoʻl qovushtirib oʻtirgani” yoʻq ekan. Mavjud sharoit, inson organizmi-yu dori-darmonga tezda moslashib, dunyoda koronavirus infeksiyasi qaytadan avj ola boshladi. Koʻz ilgʻamas yovning xavfli tomoni ham shunda. Uning jahon boʻylab tez tarqalayotgan yangi shtammlari, pandemiyaning yangi toʻlqinlari avvalgilaridan ham xavfliroq ekani ayon boʻlmoqda. Boz ustiga, ayrim yurtdoshlarimizda pandemiyaning dastlabki oylarida shakllangan ehtiyotkorlik, karantin qoidalariga toʻla amal qilish oʻrnini, soʻnggi paytda anchayin xotirjamlik, boʻshashish kayfiyati egallay boshlagani ham bor gap.

 

Holbuki, mamlakatimizda koronavirus xavfidan ehtiyot boʻlish borasidagi targʻibot va tushuntirish ishlari bir zum boʻlsin tingani yoʻq: ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda, aholi gavjum joylar – bozorlar, yirik savdo markazlari, koʻcha-koʻyda ogohlikka chorlovchi daʼvatlar mudom yangrab turibdi. Koʻpchilik davlatlarda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham karantin talablari yana kuchaytirildi. Ommaviy bayram tadbirlari, sport musobaqalari, shuningdek, konsert, festival, teatr va kino dasturlari yana vaqtincha toʻxtatildi. Toʻyxonalarda oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni ixchamroq oʻtkazish belgilandi.

 

Sababi yovqur virusning xorijda paydo boʻlgan yangi shtammlari, ayniqsa, “Delta” (SARS-CoV-2) xotirjamlikka berilgan jahon ahlining bir zumda “koʻzini ochib qoʻydi”. Virusning yangi turi burundan suv oqishi, tomoq ogʻrishi, oshqozon buzilishi kabi odatdagi tumovga xos belgi-asoratlar panasiga “yashirinib”, inson organizmini egallab ola boshlaydi. Vaqtida oldi olinmasa, sanoqli kunlar emas, soatlarda ham odamni “yiqitishi” mumkin. Bunday paytda na dori-darmon, na boshqa muolaja kor qilishi mushkul.

 

Shukrki, mamlakatimizda bu boradagi vaziyat qatʼiy nazoratga olingan. Davlatimiz tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Oʻz ishining fidoyisi boʻlgan shifokorlarimizning koronavirusga qarshi kurashdagi tajribasi ham ancha oshgani bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Lekin koronavirusning yangi xillari havo-tomchi yoʻli orqali insondan insonga yuqish xavfi uning avvalgi turlaridan ancha balandligini eʼtibordan aslo soqit qilib boʻlmaydi. Olimlarning dalolat qilishlaricha, avvalgi shtamm bilan xastalangan bemor kasalini oʻrtacha ikki-uch odamga yuqtirgan boʻlsa, virusning yangi turlariga chalingan xasta kamida besh-olti insonning sogʻligʻiga ziyon yetkazadi.

 

BUYUK INSONPARVARLIK MISSIYASI

 

Bunday qaltis vaziyatga tushmaslikning yoʻllari endi aniq. Eng avvalo, karantin talablariga qatʼiy amal qilish lozimligini yana eslatish shart emas. Emlanganlar soni-salmogʻi tobora oshib borayotgan boʻlsada, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, binolarni muntazam shamollatish, gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilishimiz lozim.

 

Buni endi hammamiz bilamiz. Bilamiz-u shu oddiy, ammo gʻoyat muhim amalga koʻpincha panja orasidan qaraymiz. “Xudo oʻzi asrasin”, deb qoʻya qolamiz. Yaratgan ham oʻzini ehtiyot qilganni asraydi!

 

Koronavirusga qarshi vaksina bilan imkoni boricha tezroq emlanish esa bugun xastalikka qarshi eng muhim choralardandir. Hozir yurtdoshlarimiz olayotgan barcha vaksinalar insonni koronavirusning mavjud shtammlaridan ishonchli himoya qila oladi. Eʼtibor bering: barcha turidan! Koronavirusga qarshi emlanish kasallikning noxush va ogʻir asoratlaridan, eng muhimi, oʻlimdan asraydi.

 

“Koʻklamning latofati koʻpincha qishda bilinadi”, deydi ulugʻlar. Afsuski, biz ham aksariyat hollarda salomatligimizning qadriga betoblikda yeta boshlaymiz. Xastalik oʻz zabtiga olganidan keyin “pushaymonlik barmogʻini tishlashdan ne naf”. Aslida, kishi oʻz salomatligini asrashi uchun koʻp vaqt ham, xarajat ham talab etilmaydi.

 

Mamlakatimizda aholi salomatligini asrash va mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilayotganini koʻrib-bilib turibmiz. Davlatimiz koronavirusni jilovlash, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni aniqlash va davolash, profilaktika qilish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oldi. Bu buyuk insonparvarlik missiyasi koronavirus infeksiyasiga qarshi aholini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ommaviy ravishda emlash jarayonida ham yorqin namoyon boʻlmoqda.

 

Emlash jarayoniga oʻn minglab shifokor va oʻrta tibbiyot xodimi jalb qilingan. Mamlakatimiz boʻylab minglab emlash punktlari va harakatdagi tibbiy brigadalar ish olib bormoqda.

 

Bugun yurtdoshlarimiz ushbu xayrli tashabbuslarning xosiyati-yu foydasini oʻzida his etayotganidan mamnun. Salomatlikka doimiy intilish har birimizning turmush tarzimizga va ongli hayotimizga aylanishi – baxtli va farovon yashashimizning muhim shartidir. Zero, har bir inson oʻz sogʻligʻi uchun, eng avvalo, oʻzi masʼul.

 

Shu bois, shifokor sifatida barcha yurtdoshlarimizdan, saylovchilardan vaksinatsiya tadbirlariga jiddiy eʼtibor berishlarini soʻragan boʻlardim. Albatta, vaksina olish – ixtiyoriy ish. Ammo tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, qaysi mamlakatda barcha aholi vaksinani tezroq olgan va olayotgan boʻlsa, oʻsha davlatda koronavirus ofatining tahdidi pasaygani yaqqol sezildi. Virusga chalinganlar orasida oʻlim holatlari keskin kamaydi.

 

TIZIMLI ISHLAR SAMARASI

 

Jahonda pandemiya sababli murakkab vaziyat vujudga kelganidan buyon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bunday murakkab sharoitda xorijiy davlatlarda saylovlarni oʻtkazish davrida qoʻllanilgan amaliy tajribani diqqat bilan oʻrganish va maqbul jihatlarini milliy saylov jarayonlariga joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

 

Komissiyamizning kuni kecha oʻtgan navbatdagi majlisida bu dolzarb masala batafsil muhokama qilindi.

 

Prezident saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavfining oldini olish masalasi koʻrib chiqilayotgan majlisda saylovchilarimiz eng asosiy soʻzni mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimining tajribali mutaxassislaridan eshitishi toʻgʻri boʻladi. Shundan kelib chiqib, kengaytirilgan majlisda Respublika sanitar-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining oʻrinbosari Botirjon Qurbonovning maʼruzasi tinglandi. Ishning koʻzini biladigan tajribali mutaxassis sifatida maʼruzachi pandemiya sharoitida saylov oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekistonda muayyan ilmiy, huquqiy va amaliy tajriba shakllantirilganini alohida taʼkidladi. Mamlakatimizda koronavirus tarqalishi toʻla jilovlanib, barqaror vaziyat saqlanib turibdi.

 

Oʻtgan bir yarim yil mobaynida Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari va ekspertlari, Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari ishtirokida qator xalqaro onlayn konferensiyalar uyushtirilib, pandemiya sharoitida saylov oʻtkazish borasidagi xalqaro tajriba va uning oʻziga xos jihatlari muhokamasi izchil davom ettirildi. Oʻnga yaqin xorijiy davlatda oʻtgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan ekspertlarimiz muammoni bevosita oʻrgandi. Mamlakatimizdagi mavjud sharoit nuqtai nazaridan tahlil qilib, zarur tavsiyalar ishlab chiqdi.

Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi, Respublika sanitar-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda “VoteWatch Europe” analitik markazi vakillari ishtirokida “COVID-19 sharoitida saylovlar. Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar istiqboli” mavzusida tashkil etilgan seminarda pandemiya sharoitida saylov oʻtkazish masalasi batafsil muhokama qilindi.

 

Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasining (A-WEB) saylovlarni tashkil etish salohiyatini oshirish dasturi asosida “Ijtimoiy tarmoqlar va saylovlarni boshqarish organlari” mavzusiga bagʻishlangan onlayn oʻquv kurslarida hamda qator xalqaro vebinarlarda Markaziy saylov komissiyasining yetakchi mutaxassislari malaka oshirdi.

 

Bu masʼuliyatli jarayon joriy yilning 14-aprelida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan izchil davom ettirilmoqda. Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi boʻyicha aprel oyida boshlangan seminar-treninglarda hozirgacha 33 mingdan ortiq saylov tashkilotchisi saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan birga, pandemiya sharoitida saylov oʻtkazishning oʻziga xos jihatlari borasida ham malaka va koʻnikmasini oshirdi.

 

Pandemiya sharoitida saylovni tashkil etish va oʻtkazishda karantin talablariga qatʼiy rioya etish qoidalarini tushuntirib beruvchi videoroliklar, uslubiy qoʻllanmalar, infografika va tarqatma materiallarni tayyorlash, chop etish, tarqatish va ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilishga oid ishlar toʻxtagani yoʻq.

 

Izchil va tizimli saʼy-harakatlar natijasida, tegishli vazirlik va idoralar, jumladan, Respublika sanitar-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishi xavfining oldini olish boʻyicha yoʻriqnoma loyihasi ishlab chiqilib, batafsil muhokama qilindi va tasdiqlandi.

 

Yoʻriqnomada saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida amalga oshiriladigan ishlar, amal qilinishi lozim boʻlgan qoidalar, taʼbir joiz boʻlsa, ipidan ignasigacha aniq belgilab qoʻyilgan. Markaziy saylov komissiyasining majlislarida okrug saylov komissiyalari, hokimliklar, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining bu borada amalga oshirayotgan ishlariga oid axborotlari eshitib boriladi.

 

YUKSAK ISHONCH

 

Respublika maxsus komissiyasi yaqinda qabul qilgan qarorga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar va siyosiy partiyalar uchun saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga doir takliflar maʼqullangani ulugʻ ish boʻldi. Bunda siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishda ishtirokchilar oʻrtasida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda boʻlish, antiseptik vositalardan foydalanishga rioya etish kabi sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya etishga hamda uchrashuvlarga taklif etilayotgan fuqarolarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligiga eʼtibor qaratish tavsiya etildi.

 

Ayni paytda, saylovlar jarayonining koʻp yillik bevosita ishtirokchisi sifatida ishonch bilan ayta olamanki, saylovoldi tashviqotiga yondashuvlar yildan yilga oʻzgarmoqda. Pandemiya sabab xalqimiz hayotiga zamonaviy axborot texnologiyalari yanada keng va shitob bilan kirib keldi. Bugun dunyo mamlakatlarida nufuzli xalqaro anjumanlar, parlamentlar sessiyalari, hatto sport musobaqalari ham onlayn shaklida, masofadan oʻtkazilayotganiga guvoh boʻlib turibmiz.

 

Buni ham xalqaro, ham milliy tajriba yaqqol koʻrsatib turibdi. Siyosiy partiyalar anʼanaviy usullar bilan birga, raqamli texnologiyalarning keng imkoniyatlaridan tobora koʻp va xoʻp foydalanmoqda. Partiyalar vakillari va nomzodlarning saylovchilar bilan yuzma-yuz uchrashuvlari aholini keng qamrab ololmasligi maʼlum. Shu bois, pandemiya sharoitida saylovoldi tashviqotida televideniye, radio, bosma va internet nashrlar, plakat va bannerlar yanada muhim ahamiyat kasb etishi tabiiy.

 

“Ijtimoiy fikr” nodavlat jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi oʻtkazgan soʻrov natijasida saylovchilar Prezident sayloviga doir yangiliklar va axborotlarni koʻproq qaysi manbalardan bilib olishi maʼlum boʻldi. Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, axborotning eng sertalab manbasi — Oʻzbekiston davlat televideniyesi. Soʻrov ishtirokchilarining 68,9 foizi saylovga tayyorgarlikning borishi haqidagi axborotlarni, asosan, televideniyedan oladi. Bu borada internet ikkinchi oʻrinni (33,5 foiz) egalladi. 25 foiz respondentlar uchun nodavlat televideniye kanallari axborotning asosiy manbasi hisoblanadi.

 

ULKAN SINOV

 

Pandemiya sharoitida saylovda ovoz berish saylovchilar uchun ortiqcha tashvish tugʻdirmaydi. Ular saylov kampaniyasi boʻyicha oʻtkaziladigan tadbirlarga va ovoz berish kuni saylov uchastkasiga kelganlarida karantin talablariga binoan bir martalik himoya niqobini taqqan boʻlsalar va oʻzaro oraliq masofani saqlasalar bas. Binoga, xususan, saylov uchastkasiga kirishdan oldin saylovchilarning haroratini oʻlchash, qoʻlini antiseptik vositalar bilan zararsizlantirish imkoniyati yaratiladi. Saylov uchastkalari va ovoz berish kabinalari muntazam dezinfeksiya qilib turiladi. Tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etiladi.

 

Eng muhimi, barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari saylov kampaniyasi uchun ajratilgan davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan himoya va dezinfeksiya vositalari bilan toʻla taʼminlanadi.

 

Barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzolari komissiya ishiga jalb qilinishidan avval tibbiy koʻrikdan va koronavirus infeksiyasi boʻyicha laboratoriya tekshiruvidan oʻtkaziladi. Koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanadi.

 

Siyosiy partiyalarning saylovoldi tadbirlari, nomzodlarning uchrashuvlari va boshqa tadbirlar pandemiya sharoitida videokonferensaloqa tarzida, zarurat boʻlganda esa ochiq joylarda yoki yopiq bino sigʻimining 50 foizidan ortmagan holda (bittadan oʻrindiq tashlab oʻtirish tartibida) tashkil qilinishi tavsiya etiladi.

 

Prezident saylovining mamlakatimizda mustahkam qaror topgan tinchlik va osoyishtalikda, xalqimizga xos bagʻrikenglik va olijanoblik, mehr-oqibat, izzat-hurmat, siyosiy-huquqiy madaniyat, qadimiy anʼanalarimizga mos muhitda oʻtishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

 

Prezident saylovi – mamlakat ahli uchun ulkan sinov, buyuk imkoniyat. Yurt ahlida Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusi baland boʻlsa, xalqning hamjihatligi va saylovchilarning faolligiga pandemiya bilan bogʻliq muammolar aslo monelik qila olmaydi.

 

Milliy davlat mustaqilligining 30-yillik shonli bayramini keng nishonlashga hozirlik koʻrayotgan xalqimiz istiqlol bayramini barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlar bilan kutib olmoqda. Qoʻlga kiritilayotgan bunday ulkan muvaffaqiyatlar Yangi Oʻzbekistonimiz Prezident saylovidan keyingi davrda yanada kuchli, yanada zamonaviylashgan, iqtisodiyoti yanada rivojlangan, xalqaro nufuzi yanada yuksalgan, fuqarolarining istiqbolga ishonchi yanada ortgan, istiqlol quyoshi yanada yorqin charaqlagan mamlakatga aylanadi, deyishimiz uchun asos boʻla oladi.

 

Zayniddin NIZOMXOʻJAYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi raisi,

Oʻzbekiston Qahramoni, tibbiyot fanlari doktori, professor

 

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi

2021-yil 26-avgust, 172-son

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur