Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
MARKAZIY SAYLOV KOMISSIYASI

Ko'rinish:

Shrift hajmi:

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy faoliyat yuritadigan organ sifatida tashkil etilishi va rivojlanish bosqichlari

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan saylovlar va referendumlar o‘tkazishning asosiy qoidalari va prinsiplarining hamda xalqaro saylov standartlarining amaliyotda o‘zning keng inʼikosini topayotgani mamlakatimizda demokratik qadriyatlar hamda umumeʼtirof etilgan tamoyillar yanada mustahkamlanishiga, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzining tobora yuksalishiga xizmat qilmoqda. Bu ayniqsa, so‘nggi yillarda ulkan muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan Parlament (2019-yil) va Prezident (2021-yil) saylovlari hamda O‘zbekiston Respublikasi referendumiga (2023-yil) tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayonlarida yorqin namoyon bo‘ldi. Mustaqil O‘zbekistonda o‘tkazilgan barcha saylovlar va referendumlar tadriji aholining ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga qiziqishi va faolligi muttasil ravishda ortib borayotganligini ko‘rsatmoqda.

 

Mamlakatimiz hayotidagi ushbu g‘oyat muhim siyosiy jarayonlar - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomondan muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy savlov komissiyasi rivojlanishiga oid eng muhim sanalar

 

1998-yil 30-aprel. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi 613-I sonli qonuni qabul qilindi.

 

16 moddadan iborat ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining:  

 

-O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun tuzilishi hamda o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshirishi;

 

- faoliyatining asosiy prinsiplari va vakolatlari;

 

-Kotibiyati va Reglamentiga oid eng muhim tartib-qoidalar belgilandi.

 

1998-yil 9-sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi 387-son qarori qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasini joylashtirish uchun unga Toshkent shahri, Xalqlar do‘stligi maydoni, 1-uydagi maʼmuriy binoning birinchi qavatidan joy, tegishli tartibda avtotransport vositalari ajratildi.

 

1998-yil 12-sentyabr. Doimiy faoliyat yurituvchi Markaziy saylov komissiyasining birinchi tashkiliy majlisi bo‘lib o‘tdi. Rais o‘rinbosarini, Kotibini, uch nafardan iborat doimiy asosda ishlovchi aʼzolarini saylashga doir masalalar ko‘rib chiqildi.

 

1999-yil 7-yanvar. Markaziy saylov komissiyasining majlisida davlat rahbarining tavsiyasiga binoan filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylandi.

 

2001-yil 30-avgust. “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi 265-II-sonli qonuni (yangi tahrirda) qabul qilindi.

 

2016-yil 23-sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasiga 2016-yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etishga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 

2017-yil 15-avgust.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 630-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining Yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlandi.

 

2018-yil 4-oktyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Saylov jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3961-sonli qarori qabul qilindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi mamlakatning butun hududida Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan foydalanish bo‘yicha faoliyatga umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshirishi belgilandi.

 

2018-yil 6-noyabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4004-sonli qarori qabul qilindi.

 

Saylov jarayoniga “bitta saylovchi — bitta ovoz” tamoyilini amalga oshirishni taʼminlashga qaratilgan ushbu  Qarorga binoan, O‘zbekiston Respublikasi saylov tizimini yanada takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlari etib:

 

birinchidan — saylov va referendumlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish, shuningdek, fuqarolar konstitutsiyaviy saylov huquqlarini amalga oshirilishini taʼminlash bo‘yicha umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlar, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda, saylov tizimi va qonunchiligini bosqichma-bosqich liberallashtirish;

 

ikkinchidan — saylov komissiyalarining faoliyati samaradorligini oshirish, Markaziy saylov komissiyasining saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayonida, tashkiliy, axborot-tahliliy, uslubiy, maslahat funksiyalarini kuchaytirish, uning maqomini mustahkamlash hamda optimallashtirish;

 

uchinchidan — saylov komissiyalari va referendumni o‘tkazish bo‘yicha komissiyalar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, saylovlarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish, saylov jarayonida axborot xavfsizligini taʼminlash;

 

to‘rtinchidan — saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirish va o‘qitish tizimini joriy etish, saylovchilar hamda saylov jarayoni boshqa subyektlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish;

 

beshinchidan — saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, saylov komissiyalari va referendumni o‘tkazish bo‘yicha komissiyalar faoliyatida jamoatchilik ishtirokini keng taʼminlash;

 

oltinchidan — saylov komissiyalari faoliyatining moddiy-texnik taʼminotini yanada yaxshilash, munosib sharoit yaratish, saylov komissiyalari aʼzolari va xodimlari samarali faoliyat yuritishlari uchun ijtimoiy va moddiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish;

 

yettinchidan — saylov qonunchiligi meʼyorlarini unifikatsiyalash va takomillashtirish belgilandi.

 

Markaziy saylov komissiyasining Saylov qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tarkibida Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazini tashkil etilib,  O‘quv markazining vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

 

saylov komissiyasi aʼzolarini tizimli o‘qitish, malakasini oshirish, ularning saylov qonunchiligi sohasida mukammal bilimlarini, saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda professional ko‘nikmalarini shakllantirish;

 

saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish amaliyoti, shuningdek, milliy saylov qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplari va standartlariga muvofiqligini tizimli ravishda monitoring qilib borish;

 

saylov tizimining muammolarini chuqur o‘rganishni taʼminlash, ushbu sohadagi dolzarb muammolar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

 

saylov jarayonini tashkil etish bo‘yicha ilmiy-amaliy qo‘llanmalar tayyorlash va chop etish, saylovchilarni saylovda ovoz berish tartibi, saylov kampaniyasi jarayonlari bilan tanishtirish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda o‘quv-uslubiy materiallarni yaratish.

 

2019-yil 25-iyun. O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi qabul qilindi.

 

Inson huquqlari har tomonlama o‘zining yorqin ifodasini topgan keng qamrovli, puxta,  demokratik ruhdagi Kodeksning milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilishi,  jamoatchilik muhokamasidan so‘ng qabul qilinishi mustaqil O‘zbekiston tarixidagi muhim ijtimoiy-siyosiy voqeadir.

 

Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan saylovga oid mavjud bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari yaxlit Kodeks shakliga keltirildi. Bir qator qonunlar o‘z kuchini yo‘qotdi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari shular jumlasidandir.

 

Mazkur qonunlarda fuqarolarning saylov huquqlariga doir bir xil normalar mavjudligi va saylovga oid qonunlar sonining ko‘pligi ularni qo‘llashda muayyan qiyinchiliklar tug‘dirar edi. Ayni paytgacha yurtimizda saylov jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartib-taomillari qonunlar darajasida emas, balki Markaziy saylov komissiyasining nizom va yo‘riqnomalari bilan tartibga solinardiki, bu ham qonunlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro etiladigan bo‘lishi kerak, degan muhim talabga javob bermas edi.

 

Saylov kodeksidan shu paytgacha milliy saylovchiligimizda tadbiq etilmagan o‘ttizga yaqin yangi qoidalar joy oldi.

 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hamda “Inson manfaatlari — har narsadan ustun!” degan hayotbaxsh demokratik g‘oyani o‘zida mujassam etgan Saylov kodeksi yurtimizda saylovlar sohasidagi islohotlarning yangi va yanada yuksak samarali davrini boshlab berdi.