• eye Maxsus imkoniyatlar
yangiliklar bo'yicha izlash
MA'LUMOT
Fotogalereya
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi
28.06.2022
592
28-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda davlatimiz rahbarining taklifiga binoan joriy yilda mamlakatimiz Konstitusiyasini isloh qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumga puxta tayyorgarlik ko‘rishga doir masalalar muhokama qilindi.

MSK a’zolari, Kotibiyat mas’ul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etgan majlis kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi referendum okruglari hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari to‘g‘risidagi, O‘zbekiston Respublikasi Referendum uchastkalari hamda uchastka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash, Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etishga oid masalalar o‘rin oldi.

Majlisda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi referendum okruglari hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari to‘g‘risidagi, Referendum uchastkalari hamda uchastka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlar O‘zbekiston Respublikasining Referendumi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan. Nizomlar o‘z ichiga komissiyalar a’zolariga qo‘yiladigan talablar, komissiya a’zolligiga nomzodlarni tavsiya qilish, komissiya tarkibidan chiqarish yoki tarkibini o‘zgartirish, komissiya faoliyatini tashkil etish, komissiyalarning vakolatlari, ularning ishini rejalashtirish va tashkil qilish, uchastka komissiyasi joylashgan bino va ovoz berish xonalarini jihozlash, ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxati, muddatidan oldin ovoz berish, uchastka komissiyasi tomonidan referendum kuni amalga oshiriladigan vazifalar, ovoz berishni tashkil etish kabi talab va tavsiyalarni qamrab olgan.

Shuningdek, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish, ularni saylov qonunchiligidan xabardorligini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.

Majlisda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi loyihasi muhokama etildi. Unga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi kotibiyatining Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi yuqori malakali ekspertlar bilan birgalikda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llagan holda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimi hamda amaliy ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarning o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati