• eye Maxsus imkoniyatlar
yangiliklar bo'yicha izlash
MA'LUMOT
Fotogalereya
YXHT DIIHB delegasiyasi vakillari MSK raisi bilan uchrashdi
14.06.2022
501
Avval xabar qilinganidek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) delegasiyasi Toshkentga amaliy tashrif buyurdi.

Delegasiya vakillari — O‘zbekistonda o‘tgan Prezident saylovini kuzatish bo‘yicha DIIHB Missiyasi rahbari Ouen Merfi, Ovoz berishning yangi texnologiyalari bo‘yicha DIIHB katta maslahatchisi Vladimir Misev, DIIHBning Saylovlar bo‘yicha maslahatchilari Kseniya Dashusina va Martina Barker-Siganikovalardan iborat.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad - 2021-yili bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha DIIHBning Yakuniy hisobotini taqdim etish hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilishdan iborat.

Tashrif dasturi doirasida Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, shuningdek, Ombudsman va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sosial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Ekologiya partiyasining rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilishi belgilangan.

Delegasiya vakillari 14-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxodjayev bilan uchrashdi.

Ouen Merfi uchrashuv uchun samimiy minnatdorlik bildirar ekan, so‘nggi yillarda YeXHT DIIHB va O‘zbekiston o‘rtasida saylovlar sohasida qaror topgan va tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlik xalqaro standartlarga mos ilg‘or tajribalarni joriy etishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Uchrashuv doirasida Yakuniy hisobotning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Delegasiya vakillari Hisobotdagi bo‘lajak saylovlarni o‘tkazishning huquqiy asoslari va amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalarga to‘xtalib o‘tdi. Ushbu tavsiyalar nafaqat saylovni tashkil etishga mas’ul bo‘lgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, balki siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun mo‘ljallanganligi qayd etildi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishdagi ishtiroki uchun YXHT DIIHBga minnatdorchilik bildirdi. Milliy saylovlarimiz tarixida ilk bora YXHT DIIHB, YXHT Parlamentlararo Assambleyasi hamda Yevroparlamentning birgalikdagi xalqaro saylovlarni kuzatish missiyasi mamalakatimizda o‘tkazilgan prezidentlik saylovini kuzatganligi aytib o‘tildi.

Milliy saylov tizimini takomillashtirish yo‘lida hamkorlik masalalari suhbatning alohida mavzusi bo‘ldi. Bu borada o‘zaro tajriba almashish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish sohasidagi mavjud xalqaro normalar va amaliyotlar bilan tanishish alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

“Markaziy saylov komissiyasi, mazkur hisobotni saylovlar sohasida YeXHT DIIHB bilan o‘zaro muloqot va amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun asos bo‘ladi deb hisoblaydi”, - dedi Z.Nizamxodjayev.

Ushbu hisobot hajman va mazmunan g‘oyat jiddiy hujjat ekanligi qayd etildi. Ayni paytda, Markaziy saylov komissiyasida YeXHT/DIIHB tavsiyalarini o‘rganish va ushbu tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun idoralararo ekspertlar guruhi faoliyat yuritmoqda. Tavsiyalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi hujjat barcha manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqiladi.

Yakuniy hujjatni o‘rganish uchun BMT  Taraqqiyot dasturi, Saylov tizimlari xalqaro fondi   va YeXHT Loyihalari koordinatori,  xalqaro saylov sohasi ekspertlari ham jalb qilingani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, Ouen Merfi saylov jarayonini yanada takomillashtirish va taklif etilgan tavsiyalarni amalga oshirish yo‘lida texnik ko‘mak ko‘rsatishga DIIHB tayyor ekanligini bildirdi.

Tomonlar o‘zaro aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri ekanligini, saylov kampaniyalari va ularning YeXHT Saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi tomonidan baholanishi davlatimizning demokratik saylov tizimini shakllantirish va rivojlantirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi