• eye Maxsus imkoniyatlar
yangiliklar bo'yicha izlash
MA'LUMOT
Fotogalereya
Prezident Shavkat Mirziyoyev qasamyod qabul qildi
06.11.2021
4257
Bugun, 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidentining lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan qo‘shma majlisida prezidentning inaugurasiya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo‘shma majlisida deputatlar va senatorlar, davlat va jamoat vakillari, xalqaro diplomatik korpus xodimlari, OAV xodimlari va blogerlar ishtirok etdi.

Majlisni Markaziy Saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev ochib berdi. MSK Raisi Z.Nizamxodjayev qayd etganidek,  O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 92-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 65-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishida Qasamyod qabul qilishi belgilab qo‘yilgan.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasining yangidan saylangan Prezidenti, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qasamyod qabul qilish uchun minbarga taklif etildi.

O‘zbekiston Konstitusiyasining 92-moddasiga binoan, O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev quyidagicha qasamyod qabul qildi.

«O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitusiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman».

Qonunchilikka ko‘ra, Prezident Oliy Majlis palatalari yig‘ilishida qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi.